Tarbiyalab ta’lim beramiz, ta’lim berib tarbiyalaymiz

Yoshim 91 da. Ikki asrning barcha og‘ir-yengil kunlarini, Ikkinchi jahon urushi qiyinchiliklari, qatag‘on azoblari, «paxta ishi» iztiroblarini boshdan kechirgan odamman. Lekin davlatimiz rahbarining bugun olib borayotgan xalqchil siyosati, yurtdoshlarimizning bu siyosatga ishonchi va kayfiyati, to‘g‘risini aytsam, meni yoshartirmoqda. Shu sababli ham bir umr xalq ta’limi tizimida ishlaganim uchun qo‘limga qalam olib, jamiyatimizdagi bugungi o‘zgarishlarga munosabat bildirishga jazm etdim.

Zamon, davr doimo o‘zgaradigan jarayon. Lekin har qanday sharoitda ham insonparvarlikning, odamiylikning oltin qoidalari o‘zgarmaydi. Zero, jamiyatni samimiyat, halollik, bag‘rikenglik, kasbga hurmat, odamlarni sevish kabi yuksak fazilatlar ushlab turibdi. Shukr, xalqimizda ana shunday fazilatlar mavjud.

Donishmandlardan biri keksalarini e’zozlagan, ayollarini qadrlagan, yoshlariga ibrat ko‘rsata olgan xalq hamisha qudratli bo‘ladi degan. Davlat rahbarining aynan ana shu uch toifadagi aholi qatlami ijtimoiy himoyasi bo‘yicha o‘tkazayotgan islohotlarini kuzatar ekanman, bu naql nechog‘lik to‘g‘ri ekanligini tushunib yetyapman.

Bugun jamiyat haqida, Vatanimiz, o‘z taqdirimiz haqida o‘ylaydigan, fikrlashadigan payt. So‘z erkinligi kafolati bu – gapirish degani emas, balki jamiyatdagi illatlarni bartaraf etish yuzasidan o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib, takliflar ham berish degani. Zero, bu burchimiz konstitutsiyamizda ham belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun kamina jamoatchilik e’tiboriga quyidagi takliflarimni bildirmoqchiman:

Birinchidan, bozor iqtisodiyoti – shafqatsiz jarayon. Boshqa mamlakatlar tajribasida biz uning insoniy munosabatlarga salbiy ta’sirini ko‘ryapmiz. Yashirib nima qilamiz, bu jarayonni o‘z turmushimizda ham sezyapmiz. Lekin raqobat sharoitida, dunyo bilan bo‘ylashayotgan paytimizda orqaga yo‘l yo‘q, barcha ko‘priklar yonib ketgan. Demak, biz milliy qadriyatlarimizni saqlab qolish uchun zarur choralarni ko‘rishimiz kerak.

Shuni aytish kerakki, milliy qadriyat deb nuqul madhiyabozlik, qulluqchilik, mehmonnavozlik, ulfatchilik, o‘ta kechirimlilik kabi illatlarga berilib ketish yaramaydi. Elga ma’rifat istagan jadidlarimiz ham to‘y-hashamlardagi, ma’rakalardagi dabdababozlik va ortiqcha chiqimlarni qoralab kelishgan. Demak, bunday kamchiliklar avval ham bo‘lgan.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak?

Nazarimda aholiga «bu dunyoda do‘zaxdan qo‘rqqan, u dunyoda do‘zaxga tushmaydi» degan naqlni kengroq tushuntirish zarur. Ilgari bu vazifani shariat tartiblari bajargan. Bugun biz bolalarimizni sog‘lom turmush tarzi, inson bajarishi zarur bo‘lgan oddiy tartib-qoidalarga qanday o‘rgatyapmiz, ota-onalarni-chi? Shuning uchun ham kamina bolalar va ota-onalar uchun alohida tarzda «Odamiylik qoidalari» qo‘llanmalarini chop etishni taklif etaman. Toki, avvalambor, ota-onaning o‘zi farzandiga ibrat bo‘lish, saboq berish rasm-rusumlarini o‘zlashtirib olsin.

Ikkinchidan, mamlakatimizda ta’lim ustuvorligiga erishish yo‘lidagi tashabbuslarni chin dildan ma’qullayman va muallimning obro‘sini yanada oshirish zarur deb hisoblayman. Zamonaviy til bilan aytganda mamlakatni muallimlashtirish kerak.

Men katta yoshdagi yurtdoshlarimiz haqida fikr yurityapman. To‘g‘ri, xalq farovonligini oshirish maqsadida har bir mahalla bo‘yicha hokim yordamchisi shtatining ochilishi mahallaning ijtimoiy, aniqrog‘i, tarbiyaviy faoliyatini kuchaytiradi deb o‘ylayman. Xullas, biz «Tarbiyalab ta’lim beramiz, ta’lim berib tarbiyalaymiz» iborasini shior qilib olishimiz zarur. Buning uchun aholi o‘rtasida adabiy-badiiy, ma’naviy tadbirlarni ko‘paytirishimiz zarur.

Shu o‘rinda Markaziy Osiyoda o‘qituvchilarning, ziyolilarning turli ijtimoiy uyushmalarini tuzish, o‘zaro hamkorlik qilish va ta’lim muammolari yuzasidan hamkorlikda anjumanlar o‘tkazish zarur, deb hisoblayman.

Avlodlar almashinuvining, an’analar davomiyligining asosiy qoidasi o‘zidan keyingi avlodga saboq va ibrat bo‘la olishdir. Biz, keksalar bu ishni bajarishga majburmiz. Va o‘z o‘rnida hayotiy tajribamiz orqali farzandlarimizni bizdan-da yaxshi yashashga o‘rgatishimiz ham qarz, ham farzdir.

Barot Amirov,

mehnat faxriysi,

Xalq ta’limi a’lochisi.