Targ‘ibotchi xotin-qizlar o‘quv-seminarga yig‘ildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining Samarqand viloyati mintaqaviy filiali tomonidan viloyatda faoliyat olib borayotgan targ‘ibot guruhi a’zolari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi binosida o‘tkazilgan seminarda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan xotin-qizlardan tashkil topgan targ‘ibot guruhi rahbarlari va a’zolari, ya’ni mahalla faollari, ziyolilar, din ishlari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab seminar ishtirokchilari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Hadis ilmi oliy maktabi faoliyati va u yerda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Targ‘ibotchilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi hamda markazdagi Imom Buxoriy hayoti va ilmiy faoliyatini aks ettirgan muzeyni ham tomosha qilishdi.
O‘quv-seminar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining viloyat mintaqaviy filiali direktori T.Evadullayev hamda viloyat targ‘ibot guruhi rahbari S.Zohidova tomonidan olib borildi.
Treningda “Jamiyat, xotin-qizlar va din. O‘zbekistonda diniy e’tiqodning huquqiy asoslari”, “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchilarning kompetentligi, qobiliyati va nutq madaniyati”, “O‘zbekistonning geosiyosiy o‘rni va diniy aqidaparastlik. Diniy aqidaparastlikning global va mintaqaviy maqsadlari”, “Targ‘ibotning innovatsion texnologiyalari va ularning ta’lim-tarbiyaviy ahamiyati” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.
Targ‘ibot guruhlari a’zolari ma’ruzalardan kelib chiqib, keyingi targ‘ibot tadbirlarida nimalarga e’tibor berilishi kerakligi to‘g‘risida tushunchalarga ega bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Zohir YuSUPOV.