Tariximizni o‘rganamiz: Omonxona, Omonqo‘ton, Omondara, Xo‘ja Omon...
Aytishlaricha, buyuk bobokalonimiz Amir Temur hazratlarining askarlari Boysun yo‘li orqali o‘tayotganida ular orasida qandaydir kasallik tarqalibdi. Shunda ularning nazari kimsasiz kuruqlikdagi tosh mag‘zidan sizib chiqayotgan buloq suviga tushibdi. Undan ichishganda nogahon yopishgan darddan forig‘ bo‘lishibdi. Shundan o‘sha qishloqning nomi Omonxona, deb atalibdi.
Xuddi shunga o‘xshash rivoyatlar Taxtiqoracha dovonining yo‘l boshidagi “Omonqo‘ton”, Urgut tumanidagi Quyi Chinor mavzeidagi “Xoja Omon” deya ataladigan manzillar haqida ham og‘izdan og‘izga ko‘chib yuribdi. Yuqorida sanab o‘tilgan joy nomlarining shu yerdagi tog‘ g‘orlari bilan bog‘liqligi bizni o‘zgacha fikrlashimizga turtki berdi. O‘zbek tili lug‘atidagi “amo” so‘zi ko‘rlikni, zulmatni anglatsa, “amon”ning ikki ma’nosi borligini ko‘ramiz. Bular: xavfsizlik, osoyishtalik va najot, qutulish, xalos bo‘lishni anglatadi. Qo‘shma so‘zdan tarkib topgan bu joy nomlari ichida kelgan “xona” va “qo‘ton” so‘zlari uy, boshpananing ma’nodoshlaridir.
Mir Alisher Navoiy demishlar:
Jahon ahli nifoqidin qayon borsam emon emin,
Tilarmen ul jahonni topqamen shoyad amon onda.
Bizningcha, bundan hissa shuki, ibtidoiy davrlardayoq bu joylar mahalliy kishilar istiqomati uchun tabiat yaratgan manzilgoh va yo‘l o‘tkinchilar uchun yog‘in-sochindan, zarur holatlarda xavf-xatardan saqlanadigan manzil xizmatini o‘tagan. Arxeolog olimlarning Omonqo‘tondan qo‘lga kiritgan qadimiy topilmalari ham fikrimizni quvvatlaydi.
Urgutdagi Xoja Omon deya ataluvchi joyda ham tog‘ bag‘rida bo‘shliq mavjudligi “omon” atamasi g‘orga nisbat ekanligidandir.
Past Darg‘omdagi Omondara, Forish tumanidagi Omondarasoy atamalarining yasalishida ham shu holat sabab bo‘lishi mumkin.
G‘aybiddin Fazliyev,
faxriy o‘qituvchi.