Tarixiy joy nomlarini o‘zgartirmaylik!
Joy nomlari har bir mamlakatning, har bir hududning tarixi, qadriyatlari, milliy mansubiyatini o‘zida aks ettiruvchi muhim vosita sanaladi. Sovet davrida joy nomlarini belgilashda asosan kommunistik g‘oya va mafkura talablaridan kelib chiqilgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida qishloq, mahalla, shahar va tuman nomlari milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib o‘zgartirildi.
Konstitutsiyamizga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tilidir. Mamlakat aholisining 80 foizidan ortig‘i o‘zbek tilida so‘zlashadi. Shuningdek, mamlakatimiz hududida boshqa millat va elat vakillari ham azaldan yashab keladi. Shu sababli yurtimizdagi tarixiy joy nomlari orasida turkiy (o‘zbek), shuningdek, forsiy, so‘g‘diy, arabiy nomlar uchraydi.
Bu holatni qo‘shni mamlakatlarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, Tojikiston hududida shu paytga qadar yuzlab turkiy toponimlar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston singari turkiy davlatlarda forsiy joy nomlarini uchratamiz.
Biroq Markaziy Osiyo mamlakatlarida turli joy nomlari shu yurtning davlat tili talablaridan kelib chiqib, moslashtirilgan. Masalan, turkmanlar Toshhovuzni Dashog‘uz, qozoqlar Chimkentni Shimkent, qirg‘izlar O‘shni Osh, Qorasuvni Kara-suu deb nomlashgan va barcha hujjatlarda shu tarzda yoziladi. Bu holat, ayniqsa, Tojikistonda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Mamlakat rahbariyati ko‘rsatmasiga ko‘ra, so‘nggi yillarda turkiy o‘zakka ega toponimlarning deyarli barchasidan voz kechildi, bir qancha turkiy toponimlar shakli o‘xshash bo‘lsa-da, ma’nosi boshqacha bo‘lgan forsiy nomlar bilan almashtirildi. Masalan, Qumariqni Kumarg, Qumoqni Xumrog‘, Beshkentni Veshkand deb atashdi. Qorategin, Qizili, Chimqo‘rg‘on, Jirg‘atol singari nomlar Rasht, Lolazor, Chimqal’a, Laxsh singari toponimlarga almashdi. Hatto eng kamida to‘rt yuz yillik tarixga ega bo‘lgan Qo‘rg‘ontepa nomi ham sun’iy Boxtar nomiga almashtirildi. Holbuki, bu shahar tarixda hech qachon Boxtar deb atalmagan. Shunchaki, qo‘shnilar qadimiy Baqtriya nomini shu taxlit tiklamoqchi bo‘lishgan, shekilli. Albatta, mamlakat hukumati o‘z hududini xohlagancha nomlashga haqli. Qozoqlar o‘z yurtini qozoqcha, turkmanlar turkmancha, tojiklar tojikcha nomlasa buning nimasi yomon?
Unda o‘zbeklar-chi? Nima uchun o‘zbeklar o‘z yurtini, o‘z shahar yo qishloqlarini o‘zbekcha nomlashi mumkin emas? Bizda ham, Shahrisabz, Sariosiyo, Ohangaron, Hazorasp, Peshko‘, Panjob, Konimex, Sebzor singari yuzlab forsiy o‘zakka ega nomlar bor. Mayli, biz qo‘shnilarimizga o‘xshab, yurtimizdagi qadimiy nomlarni o‘zgartirmaylik. Zotan, yurtimizda azal-azaldan turkiy va forsiy xalqlar ahil-inoq yashab keladi. Ammo, bugungi kunda qo‘shni davlatlar joy nomlarini o‘z milliy siyosatiga moslashtirish yo‘lidan borayotgan ekan, biz ham shu haqda o‘ylab ko‘rsak yomon bo‘lmasdi. Loaqal, eski turkiy nomlarni yangicha arabiy, forsiy, hatto inglizcha-fransuzcha nomlar bilan atamasak, yaxshiroq bo‘larmidi?
Bir necha yildan beri matbuotda yangilanayotgan joy nomlari haqidagi materiallarni kuzatib boraman. Masalan, birgina Samarqandda Kechkeldikni Bog‘ishamol, Qo‘yboqarni Gulobod, Qo‘shsigirni Istiqlol, Beshpaxsani Binokor, Qozoqoldini Bunyodkor, Kampiro‘ldini Mash’al, Qo‘tirbuloqni Saxovatga o‘zgartirishdi. Nega turkiy so‘zlar arabcha va forschaga o‘zgartirilayotganini tushunish qiyin. Yoki yaqinda Toshkent shahridagi ko‘chalarning biriga Mehridil deb nom berishibdi – g‘irt forsiy so‘z birikmasi. Bir qaraganda, quloqqa xiyla xunuk eshitiladigan toponimlar chiroyli, balandparvoz atamalarga almashtirilgan. Ammo, boshqalarning chiroyli bolasini o‘zimizni xunukroq farzandimizdan afzal ko‘rmaymiz-ku.
Qonunimizda ham geografik ob’yektlarning nomlari davlat tilida aks ettirilishi belgilangan. Qo‘shnilarimizning harakatlaridan ibrat oladigan bo‘lsak, biz ham o‘zgartirishimiz kerak edi. Ammo, asriy an’analarga ega bo‘lgan nomlarni o‘zgartirishga ehtiyoj sezilmaydi. Qolaversa, bizda har doim boshqa xalqlarning tiliga, urf-odatlariga, an’analariga hurmat yuqori.
Ammo, nima uchun bugungi kunda hammaga tanish bo‘lib qolgan turkiy-o‘zbek tilidagi joy nomlarini arabcha-forscha nomlar bilan almashtirilishini tushunolmayman. Bundan yuz ellik yil avval bobolarimiz “Oqpodsho hazratlari bizga marhamat qildilar” deya Mingtepaning o‘zbekcha nomini arabiy Marhamat bilan almashtirishgan ekan. Lekin yaqin-yaqinlarda sof o‘zbekcha o‘zakka ega bo‘lgan To‘ytepa nomini forscha-arabcha Nurafshonga, o‘zbekcha Bo‘zni forsiy Bo‘stonga almashtirish kimga kerak bo‘ldi?
Yaqinda jurnalist Akmal Mirzoning bir videomurojaatiga ko‘zim tushdi. Jurnalist do‘stimiz mamlakatimizdagi Qoraxitoy, O‘rdakburun, Yetti qashqa, Eski Qovunchi, Beshkal, Qaysarqo‘y va yana o‘nlab joy nomlarini almashtirishni taklif qilib chiqibdi. Bu taklif jurnalistning o‘zidan chiqqanmi, yo kimdir shunga da’vat qilganmi, bunisi menga qorong‘u. Ammo bu nomlar o‘rniga taklif etiladigan yangi toponimlar yo arabiy, yo forsiy o‘zakdan olinishiga shubha qilmayman.
To‘g‘ri, tilimizdagi so‘zlarning salmoqli qismini forsiy, arabiy so‘zlar tashkil qiladi. Shu bois ko‘pchilik “Axir Gulzor, Istiqlol, Bog‘, Gulobod nomlari o‘zbekcha emasmi?” deyishi mumkin. Hamma gap shunda. Bu so‘zlar sof turkiy-o‘zbekcha emas, fors va arab tillaridan o‘zlashgan so‘zlardir. Kimlardir yo atayin, yo bilib-bilmay eski, quloqqa xunuk eshitiladigan joy nomlarini umuman o‘zbek tilining tub o‘zagiga yot so‘zlar bilan almashtirishga harakat qilishmoqda.
Mayli, agar ma’nosi xunuk joy nomlarini almashtirish kerak ekan, yurtimizda ana shunday forsiy toponimlar ham istagancha topiladi. Misol kerakmi? Samarqand viloyatidagi Bog‘i Zog‘on (Qarg‘alar bog‘i), Luchchakon – (yalang‘ochlar), Labigo‘r – go‘rning labi, Kalangar (ketmonchi), Farg‘ona viloyatidagi Sarikanda (uzilgan kalla), Buxoro viloyatidagi Govkushon (sigir so‘yuvchilar), Gadoyxona, Shalg‘amxo‘ron (sholg‘omxo‘rlar), Xarxo‘r (eshakxo‘r) singari joy nomlarini o‘zgartirish nega hech kimning xayoliga kelmayapti?
Albatta, bu fikrlarim hech bo‘lmaganda shu hududlarda yashaydigan odamlarga yoqmasligi tabiiy. “Nega qadimgi nomlarni yo‘qotib, o‘rniga sun’iy, yasama nomlarni tiqishtirish kerak” deydiganlar topilishiga ishonchim komil. Shunday ekan, turkiy toponimlarga ham tegish kerak emas.
Nomi chiroyli eshitiladimi, xunuk eshitiladimi, ahamiyati yo‘q. Zotan, tarixiy joylarning mazmuni, chiroyli yoki xunukligiga qarab almashtirish dunyo tajribasida ham uchramaydi. Zero, Italiya “buzoqlar mamlakati”, Ispaniya “quyonlar mamlakati”, Qatar” “yomg‘ir tomchilari”, Sudan “qoralar yurti”, Somali “cho‘ponlar”, Barbardos “soqollilar”, Kot d’Ivuar “Fil suyagi qirg‘og‘i”, Gonduras “chuqurlik” degan ma’noni bildiradi. Nega shu davlatlarda mamlakat nomini o‘zgartirish haqida o‘ylab ko‘rishmaydi? Menimcha, joy nomlarini o‘zgartirish emas, joylardagi vaziyatni chuqurroq o‘rganish, mavjud muammolarni bartaraf etish haqida ko‘proq o‘ylab ko‘rilsa yaxshi bo‘lardi.
Darvoqe, men bu fikrlarim bilan mamlakatlar yoki xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga rahna solish fikridan yiroqman. Faqat, hamma o‘z yurti, o‘z xalqi va o‘z tili uchun kurashayotgan bir paytda, biz o‘z og‘zimizdagi oshni oldirib qo‘ymasak edi, degan xavotirni bildirib qo‘ymoqchiman, xolos.
Rustam Jabborov.