Tarjimon xotin-qizlar safi kengaymoqda

Samarqand davlat chet tillar institutida 12 ming 793 nafar talaba tahsil oladi. Ularning 10 ming 594 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.

Institutda faoliyat olib borayotgan 551 nafar professor-o‘qituvchi bo‘lsa, ularning aksariyati, ya’ni 361 nafari ayollardir. Ta’lim muassasasida izlanishlar olib borib, ilmiy va badiiy ijod bilan shug‘ullanib, turli daraja va unvonlarga ega bo‘layotganlarning ham ko‘pchiligi xotin-qizlardan iborat.

Jumladan, 37 fan doktorining 18 nafari, 108 nafar (PhD) falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganlarning 61 nafari, 116 nafar katta o‘qituvchining 76 nafari xotin-qiz.

Keyingi yillarda talabalarimiz orasida ham tilni chuqur o‘rganib, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘layotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan, badiiy ijod, tarjimonlik bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi kengayib boryapti. Prezident stipendiyasi sohibasi Iroda G‘afforova, faol talabalarimiz Farangiz G‘aniyeva, Xosiyat Jumayeva ustozlari Maftuna Qamarova, Shahlo Shomurodova, Farida Abdurahmonovalar ko‘magida badiiy ijod va tarjimonlik bilan shug‘ullanyapti. Ular taniqli o‘zbek ijodkorlarining qalamiga mansub, qolaversa o‘zlari yozgan she’riy va nasriy asarlarni ingliz, koreys va boshqa xorijiy tillarga, chet tillaridan esa o‘zbek tiliga tarjima qilmoqda.

Institut professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan ko‘plab katta va kichik tarjima asarlar yaratildi. Jumladan, Oybekning “Navoiy”, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanlari, Zulfiya, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf va boshqa atoqli o‘zbek shoirlarining asarlari ingliz tiliga tarjima qilindi.

Bugungi kunda bolalar uchun yozilgan she’riy va nasriy asarlarga ehtiyoj katta. Shu yo‘nalishda ijod qilayotgan talabalar Muxlisa Qayumova hamda Iroda G‘afforovalar bolalar uchun she’r va ertaklar yozish bilan birga Olqor Damin, Xudoyberdi Komilov kabi shoirlarning she’rlarini ingliz va koreys tillariga tarjima qilishni boshladi.

Bu ijodkor talabalarimiz institutda o‘tkaziladigan tadbirlarda ham faol. Yaqinda 8-mart - Xotin-qizlar bayrami oldidan o‘tkazilgan tadbirda ham o‘z ijod namunalari bilan qatnashdi. Bu tadbir atoqli o‘zbek shoirasi Zulfiya tavalludining 110 yilligi bilan hamohang tarzda o‘tkazilgani ayni muddao bo‘ldi. Shoira hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna chiqishlari turli tillarda namoyish etildi.

Iroda Beknazarova,
institut o‘qituvchisi.