Tarozining ikki pallasi teng yoki haq-huquqi qonunlarimiz muhofazasida

Erkak va ayol o‘rtasidagi tengsizlikka barham berish, xotin-qizlar huquqlarining tan olinishi uchun qat’iy kurashish ko‘p davlatlarda eng muhim va azaliy mavzulardan biri. Zotan, tenglik tushunchasi ko‘p jihatdan orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishi, yaxshi yashashga intilish, turmushda ro‘shnolik ko‘rish uchun erkakka ham, ayolga ham birdek imkoniyat berishni nazarda tutadi.

Viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda shu haqda so‘z yuritildi.

- Respublikamizda ayol huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib, xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday turlariga ahamiyat qaratib kelinmoqda, - deydi sudya F.Qarshiyev. - Xususan, 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining asosiy mazmun va mohiyati ham xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni tazyiq hamda zo‘ravonlikning har qanday shakllaridan himoya qilish, xotin-qizlarga nisbatan bo‘ladigan turli xil kamsitishlarni oldini olish tizimini va huquqiy asoslarini yaratishdan iboratdir.

Suhbat davomida sudyalar tomonidan qonunsiz (shar’iy) nikohlar asosida oila qurish oqibatida huquqi buzilgan xotin-qizlarning qismati, shuningdek, o‘rtada ovora bo‘layotgan bolalar haqida aniq misol va raqamlar aytib o‘tildi. Bundan tashqari, oila er va xotinning huquqlari bilan birga muayyan majburiyatlari ham borligi alohida qayd etildi. Bu borada fuqarolik kodeksida belgilangan tamoyillar aytib o‘tilib, bunga rioya qilmaslikning huquqiy oqibatlari tushuntirildi.