Tashrifdan tashrifgacha
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish va istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida 11 yanvar kuni viloyatimizga keldi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi.
O‘tgan davr mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishlarida umumiy qiymati 2 417,0 mlrd. so‘mlik 1142 ta loyiha ishga tushirilib, 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
2018 yilda Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish Dasturi doirasida sanoat yo‘nalishi bo‘yicha jami 88 ta loyiha amalga oshirilib, 1322,3 mlrd. so‘m investitsiyalar o‘zlashtirildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar 58,267 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.
Prezidentimizning 2017 yil 12 yanvardagi Farmoniga asosan tashkil etilgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 16 loyihani amalga oshirish uchun 67,0 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritildi va 690 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu korxonalar tomonidan 112,3 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 5,2 mln. AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirildi.
Viloyatimizning turizm salohiyatini oshirish borasida ham aniq dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Bugungi kunda viloyatda mehmonxonalar soni 119 taga yetkazilib, yotoq o‘rinlari 2017 yilga nisbatan 1060 taga ko‘paydi. Jumladan, 22 ta uy mehmonxonalari tashkil etildi.
Mehnat bozorida turizm sohasida malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti ish boshladi.
Turistik xizmatlar eksporti hajmi 649,6 mln. AQSh dollarini tashkil etdi va o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 2,6 baravarga o‘sdi.
Tashrif davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimotlari o‘tkazish ko‘zda tutilgan.