Ta’tilni qishga ko‘chirsak…

Men qishloq maktabida o‘qiganman. Sentyabr oyida darsga borganmiz. To‘rtinchi sinfdan keyin faqat yangi o‘quv yilining ochilishi va dastlabki o‘n besh kunlik darslarda ishtirok etganmiz. Negaki, paxta yig‘im-terimi boshlanardi. Keyin qishki ta’til. Albatta, qishki mavsumda jismoniy tarbiya darsida sinfxonada shaxmat-shashka o‘ynaganmiz.
Aprel oyining oxiri, mayning dastlabki o‘n kunligida g‘o‘za yaganasiga chiqqanmiz. May oyida o‘n besh kun pilla terishga hasharga borilardi. Iyun oyida birdan imtihonlarni topshirardik.
Yozgi oromgohlar kam bo‘lgani bois tengdoshlarimning asosiy qismi yozgi ta’tilni uyida o‘tkazishardi, mol-hol boqardik, hovlidagi qurilishlarga yordam berardik, katta sinfdagilar esa g‘isht quyib, pul ishlashardi, ochig‘i, ikki oy mehnat qilish bilan o‘tardi.
Ana endi o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham majburiy mehnatdan xalos bo‘ldi. Ammo ularga bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun arzigulik mashg‘ulot tavsiya etolmayapmiz. Albatta, hozirgi sharoit oldingisidan ancha yaxshi. Stadionlar, sport zallari ko‘p. Ming afsuski, maktablarda internet yo‘qligi, bor bo‘lsa ham kuchsizligi, sinfxonalari, kutubxonalar, sport zallarning sovuqligi, to‘garaklarning o‘z vaqtida faoliyat ko‘rsatmasligi ko‘zga yaqqol tashlanib qoldi.
O‘quv yilining sentyabrda boshlanib, may oyida tugashi bu – sobiq SSSR ta’lim tizimidan «meros». Shunday ekan, uni biz o‘zimizning mahalliy sharoitga moslashtirib olishimiz mavridi kelmadimikan?
Misol uchun, o‘rta maktablarda, hatto oliy o‘quv yurtlarida ham yangi o‘quv yilini birinchi mart sanasidan boshlashga nima xalaqit qiladi? O‘quv yilining noyabr oyida tugashi (ta’tilning dekabr, yanvar oylarida bo‘lishi) farzandlarimizni nafaqat qishning noqulay sharoitida darsga borib-kelishdan saqlaydi, balki barcha o‘quv yurtlarida katta miqdorda elektr energiyasi va tabiiy gaz tejalishiga olib keladi.
Albatta, bu taklif aytilyapti, rad qilinyapti – xullas, muhokamada. Lekin ta’lim tizimidagi ko‘plab monitoring guruhlari, shu sohaga tegishli oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari, olimlari nega bir joyga to‘planib, o‘zaro fikr yuritib, ushbu masala yuzasidan xulosa berishmayapti.
Bilaman, har qanday sohada yangilik og‘ir kechadi, birdaniga hazm qila olmaymiz. Shunday ekan, avval uning ilmiy asosi ishlab chiqilsa, ko‘pchilik bilan maslahat qilinsa, yomon bo‘lmasdi. Dunyodagi ko‘plab davlatlar yangi o‘quv yili boshlanishini o‘z sharoitidan kelib chiqib belgilashgan.
Bu yilgi qish mavsumi bizga ta’limga yangicha yondashishimiz kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi. Hozirda ta’lim tizimida darsliklarni, dars jarayonini takomillashtirish, xorijiy tajribani qo‘llash qizg‘in davom etyapti va u samara berishiga ishonamiz. Ana shunday paytda agar biz ta’lim jadvalini ham tabiatimizga mos qilib olsak, yaxshi bo‘ladi.
Farmon Toshev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.