TDIU Samarqand filialida yangi o‘quv yili kredit-modul tizimida joriy etiladi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali 2020-2021 o‘quv yili uchun Germaniya, Latviya hamda Rossiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalarni qabul qiladi. Bu haqda bugun, 2 iyul kuni viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan onlayn brifingda filial direktori Olim Murtazayev xabar berdi.
Bakalavriat ta’lim bosqichida belgilangan qabul kvotalarida o‘qish to‘lov-kontrakt asosida 2+2 qo‘shma dasturi bo‘yicha Vaynshtefan-Trizdorf universiteti (Germaniya, o‘qish 2 yil o‘zbek tilida, 2 yil nemis tilida) bilan hamkorlikda iqtisodiyot: oziq-ovqat tizimlarini boshqarish, Latviya amaliy bilimlar va texnologiyalar universiteti (Latviya, o‘qish 1 yil o‘zbek tilida, 3 yil ingliz tilida) bilan hamkorlikda raqamli boshqaruv va barqaror rivojlanish hamda Sankt-Peterburg davlat telekommunakatsiyalar universiteti (Rossiya, o‘qish 4 yil rus tilida) bilan hamkorlikda raqamli iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilish rejalashtirilgan.
Filialda yangi o‘quv yili kredit-modul tizimida joriy etiladi. O‘tgan yili filialga 225 nafar abituriyent qabul qilingan bo‘lsa, yangi o‘quv yilida 300 nafar kunduzgi va 100 nafar sirtqi bo‘limga talabalar qabul qilinadi. Shuningdek, bu yil oliy ta’lim muassasasida bank ishi va audit, soliq va soliqqa tortish, statistika (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishlari ochildi.
Brifingda filial direktoriga talabalar va abituriyentlar onlayn tarzda savollar berdi. Savollarning asosiy qismi bu yilgi qabul jarayonlari va kirish imtihonlari haqida bo‘ldi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun filialda davlat granti asosida 6 ta kunduzgi va 2 ta sirtqi ta’limga kvotalar ajratilgani ma’lum qilindi. Onlayn brifingda talabalar tomonidan berilgan barcha savollarga javob berildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, viloyatdagi boshqa oliy ta’lim muassasalaridan farqli o‘laroq filial raqamli iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis tayyorlaydigan yagona oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Xurshida ERNAZAROVA.