Tentakovul Mitanobod bo‘ladi(mi?)

Inson o‘z farzandiga chiroyli ism qo‘ygani kabi yashayotgan joyini ham chiroyli nomlashi kerak. Joy nomlari milliy mentalitetimiz, qadriyatlarimizga mos bo‘lishi lozim. Ammo ba’zi qishloqlarga aholi qandaydir voqelik bilan bog‘liq nom bergan. Shuning uchun ham bugun ayrim joy nomlari kulguli, ma’nisiz hisoblanadi. Bu nomlar mahalliy aholi o‘rtasida ommalashib, hatto hujjatlarga ham yozilayotgani achinarli holdir. Masalan, Past Darg‘om tumani To‘qboy mahallasida «Yarim» nomli qishloq bor. Xo‘sh, «Yarim» degan so‘zning ma’nosi nima, butun boshli qishloqqa bu nom yarashadimi? Yo‘q, albatta.

Past Darg‘om tuman hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiya qonun talablariga zid bo‘lgan Yarim qishloq aholi punkti nomini «Yangi qishloq», Qatorterak mahallasidagi «G‘isht zavodi» nomli qishloqni «Buyuk ipak yo‘li» nomi bilan atash haqida viloyatga taklif bilan chiqdi.

Shuningdek, tumandagi mahallalarning nomsiz ko‘chalarini nomlash bo‘yicha 83 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari kengashi tomonidan takliflar berildi.

Xuddi shunday ishlar Payariq tumanida ham amalga oshirilmoqda. Tumandagi Beshkal qishlog‘i nomini Beshbuloq, Kampiro‘ldi qishlog‘ini Mash’al, Tentakovul qishlog‘ini Mitanobod, Qarri qishlog‘ini Navro‘z, Qo‘tirbuloq qishlog‘ini Saxovat, Vali qishlog‘ini Valiy, Batrak qishlog‘ini Kattabog‘, Qo‘tirkent qishlog‘ini Yangi hayot nomi bilan atash haqida viloyat hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiyaga takliflar kiritildi.

Yuqoridagi takliflar muhokama va tasdiq uchun Davergeodezkadastr qo‘mitasi huzuridagi Respublika toponimika xizmatiga taqdim qilindi. Joy nomlarini o‘zgartirish haqidagi takliflar tasdiqlansa, g‘alati qishloq nomlari yuqoridagi singari chiroyli nomlar bilan ataladi.

Xurshida ERNAZAROVA.