Test imtihoni kunlari tumanlardan Samarqand shahriga avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Yo‘l kira narxlarning asossiz ko‘tarilishining oldini olish maqsadida Samarqand viloyati transport boshqarmasi tomonidan tashkil etilayotgan maxsus avtobus yo‘nalishlari haqida ma’lumot bergandik.
Albatta, 2-12 sentyabr kunlari Samarqand shahrining 12 ta nuqtasida abituriyentlarni kirish imtihonlari bo‘ladigan hududlarga olib boruvchi avtobuslar tashkil etiladi. Ushbu avtobuslarga maxsus belgi o‘rnatiladi. Boshqarma mas’ul xodimlari hamda inspektorlari xavfsizlik nuqtai nazaridan maxsus avtobuslar salonida yo‘lovchilarning 25 nafardan oshmasligini, dezinfeksiyalash jarayonini, yo‘l kira narxlarini nazorat qilib boradi.
Avval xabar berganimizdek, 2-12 sentyabrda maxsus avtobuslar harakati erta tonggi soat 5:00 dan boshlanadi.
Abituriyentlarning asosiy qismi viloyat tumanlaridan kelishini hisobga olib, tuman markazlari va Samarqand shahrini bog‘lovchi yo‘nalishlarda ham avtobuslar qatnovi grafigiga o‘zgarishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, 2-12 sentyabr kunlari tumanlar markazini Samarqand shahri bilan bog‘lovchi yo‘nalishlardagi jamoat transportlari harakatni tonggi soat 5:00 dan boshlaydi:
“Ziyovuddin” ABB – Mirbozor – Kattaqo‘rg‘on – “Hazora” ABB
“Urgut” ABB – “Siyob” ABB (Kaftarxona)
Jomboy – “Shoxi Zinda” ABB
“Bulung‘ur” ABB – “Shoxi Zinda” ABB
“Juma” ABB – “Hazora” ABB
“Payariq” ABB – Chelak – “Shoxi Zinda” ABB
“Kattaqo‘rg‘on” ABB – “Hazora” ABB
“Nurobod” ABB – “Hazora” ABB
Jo‘sh – Qo‘shrabot – “Samarqand” ABB
Hurmatli yo‘lovchilar! Narxlari sizga ma’qul keladigan ushbu yo‘nalishdagi avtobuslar xizmatidan foydalanishni maslahat beramiz.
Ushbu avtobuslarda sanitariya talablari asosida zararsizlantirish ishlari amalga oshiriladi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.