Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Texnika fanlari jonkuyari edi

Insoniylik fazilatlari, yurish-turishi va bag‘rikengligi bilan qalbimizda muhrlanib qolagan fidoyi kishilar oramizda ko‘p. Shulardan biri texnika fanlari nomzodi, dosent Mardonqul Umarov edi.

M.Umarov 1947 yil 20 iyunda Past Darg‘om tumanida tug‘ildi. 1965 yilda o‘rta maktabni tugatib, Samarqand davlat universitetining texnika muhandisligi yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi. Bu dargohda fan sirlarini puxta o‘rgandi, ustozlari e’tiboriga tushdi. 1972 yilda o‘qishni bitirib, pedagogik faoliyatini o‘zi tahsil olgan universitetning geometriya va chizmachilik kafedrasida assistentlikdan boshladi. 1975-1980 yillarda Kiyev qurilish muhandislari instituti, chizma geometriya va chizmachilik kafedrasi tadqiqotchisi sifatida faoliyat olib bordi.

M.Umarov 1980-1988 yillarda Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligining yo‘llanmasi bilan Samarqandda ochilgan Toshkent politexnika instituti filialida umumtexnika fanlari kafedrasi mudiri, mexanika fakulteti dekani lavozimida ishladi.

Shunindek, ustoz SamDUning umumtexnika fanlari kafedrasida katta o‘qituvchi, kasbiy ta’lim metodikasi kafedrasi va san’atshunoslik fakultetining kasbiy ta’lim kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.

M.Umarov qayerda ishlamasin fidoyiligi, bilim va tajribasi bilan hammaga o‘rnak bo‘lib, shogirdlar tayyorladi. Faoliyati davomida 40 dan ortiq ilmiy, ilmiy-uslubiy ishlar yaratdi. Hozirda u yaratgan qo‘llanmalardan talaba va magistrlar foydalanib kelmoqda.

Afsuski, texnika fanlari jonkuyari Mardonqul Umarovni 2019 yil 72 yoshida vafot ettdi. Ustoz oramizda bo‘lmasa-da, uning yorqin xotirasi farzandlari, shogirdlari va jamoadoshlari qalbida abadiy yashaydi.

N.Mullajonova,

 SamDU kafedra mudiri, dotsent.