Texnikumlarda amaliy imtihon - bitiruvchilar ish bilan ta’minlanmoqda

Samarqand shahrida texnikum bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari ishtirokida demonstratsion (amaliy) imtihon shaklida o‘tkazish bo‘yicha Respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Professional ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i O‘tkirjon Alijonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshliqlari, kasbiy ta’lim muassasasi rahbarlari ishtirok etdi.
Shuningdek, seminarni keng yoritish maqsadida viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida press-tur ham tashkil etildi.
- Yakuniy davlat attestatsiyasi o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini baholash, ularni kelgusi mehnat faoliyatiga tayyorligini aniqlashda muhim bosqich hisoblanadi, - dedi viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Nasimov. - Mazkur jarayonni to‘g‘ri va tizimli tashkil etish orqali kasbiy ta’lim sifatini oshirish, ta’limning amaliyot bilan bog‘liqligini ta’minlash mumkin. So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan aynan shu yo‘nalishda, ya’ni yangi kasbiy ta’lim tizimini mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish borasida bir qator qaror va farmonlar imzolandi.
Jumladan, 2024 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan bitiruvchilarni yakuniy baholash soha ekspertlari, kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari, baholash tashkilotlari, ish beruvchilar, uyushmalar va tadbirkorlik sub’yektlari birlashmalari vakillari ishtirokida demonstratsion imtihonlar shaklida amalga oshirilishi belgilandi.
Dastlab seminar qatnashchilari Samarqand turizm va madaniy meros texnikumida non va non mahsulotlari, qandolat va makaron ishlab chiqarish, sartaroshlik, madaniy meros ob’yektlarini asrash va ta’mirlash kasblari bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini demonstratsion imtihon shaklida o‘tkazilayotgan jarayonlari bilan tanishdi. Imtihon jarayonlari amaliy tarzda tashkil etilib, bitiruvchilar o‘z kasblarini qanday egallaganini amalda ko‘rsatib berishdi.
- Bu yil texnikumning servis va turizm yo‘nalishini bitiryapman, - dedi 2-bosqich talabasi Nasriddin Nasriddinov. – O‘qish jarayonida mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni puxta o‘rgandim. Shu bilan birga o‘rganganlarimni restoranlarda girgitton (ofitsiant)lik kasbida ishlab, amaliyotda yanada mustahkamladim. Ayni kunda ham o‘qib, ham ishlab kelyapman.
Keyingi manzil Samarqand Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi bo‘lib, seminar ishtirokchilari hamshiralik ishi kasbi bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini demonstratsion imtihon shaklida o‘tkazilayotgan jarayonlari bilan tanishdi.
- Texnikum bilan shartnomamiz bor, texnikum talabalari klinikamizda amaliyot o‘taydi - dedi “Dil shifonur farm” xususiy klinikasi rahbari Dilfuza Mamarajabova. – Klinikamizda laboratoriya, EKG, UZI apparatlarimiz, bemorlar uchun yotoq joylarimiz mavjud. Bugun bitiruvchilar orasidan olti nafar hamshirani tanlab olish maqsadida keldim. Ularning bemorlarga xizmat ko‘rsatishi bilan birga xushmuomaligi, o‘z kasbini yaxshi ko‘rishiga ham ahamiyat beryapman.
- Samarqand Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida o‘nta yo‘nalish bo‘yicha talabalar tahsil olyapti, - dedi texnikum direktori Rafiq Xo‘jamurodov. – Bugungi kunda texnikumda 1660 nafar talaba tahsil olyapti, ularning 251 nafari bitiruvchi kurs talabalaridir. Ularga 120 nafar pedagog ta’lim bermoqda. Texnikum respublikamizdagi 75 ta Jamoat salomatligi texnikumlariga tayanch ta’lim dargohi hisoblanadi. Texnikumni imtiyozli bitirgan talabalarimiz Samarqand davlat tibbiyot universitetiga 2-kursdan suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bu yilgi bitiruvchilar uchun tashkil etilgan amaliy imtihon jarayonlari ish beruvchilarga ham qulaylik tug‘dirdi. Ular bitiruvchilarning o‘z yo‘nalishlarini qanday egallaganini amalda ko‘rib, guvohi bo‘lishdi.
Shuningdek, seminar qatnashchilari mehmonxona xo‘jaligini tashkil qilish va boshqarish, tikuvchilik, duradgorlik va pol yotqizish ishlari, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, qurilish ishlari ishchisi, santexnik kasblari bo‘yicha Yakuniy davlat attestatsiyasini demonstratsion imtihon (amaliy imtihon) shaklida o‘tkazilayotgan jarayonlar bilan tanishdi.
O‘z navbatida, ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, malakali bitiruvchilarni ishga qabul qildi.
Xurshida ERNAZAROVA.