Tez-tez va asossiz esnash xavfli kasalliklarning alomati bo‘lishi mumkin
Ko‘pgina insonlar esnashni mutlaqo zararsiz va hatto foydali refleks deb hisoblaydi. Aslida tez-tez va asossiz esnash xavfli kasalliklarning alomati bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, esnashning foydali jihatlari ham bormi? Odatda insonning qancha esnashi me’yor hisoblanadi? Depressiyaga moyil insonlar ko‘p esnaydimi? SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga tibbiyot fanlari doktori Baxtiyor G‘ofurov javob berdi.
— Esnashning foydali jihatlari ham bormi?
— Bu odatning insonga foydali jihatlari juda ko‘p. U orqali mushaklar bo‘shashib, miya va tananing boshqa a’zolari kislorod bilan to‘yinadi, organizmdagi jismoniy charchoq va ruhiy yuk yengillashadi, asosiysi, esnash miyani “sovutish”ga yordam beradi.
Esnash paytida eng ko‘p jag‘ mushaklari zo‘riqib, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri insonning ko‘rishiga ta’sir qiladi. Olimlarning aytishicha, uyqusida tishini g‘ijirlatadiganlarga esnash foydali ekan. Ko‘pchilik esnashni tezroq uxlashga ko‘maklashadi, deb o‘ylaydi. Bu notug‘ri, aksincha, u uyquni qochirib, tanani tetiklashtiradi.
— Odatda insonning qancha esnashi me’yor hisoblanadi?
— Odatda inson bir kunda 7-15 martagacha esnashi me’yor hisoblanadi. Biroq undan ortiq esnash, avvalo, surunkali charchash sindromi hisoblanib, bu holatni kunlik 7-8 soatlik uyqu bilan yengib bo‘lmaydi.
Boisi, bu sindrom uzoq davom etgan og‘ir ish jarayoni, to‘yib uxlamaslik, noto‘g‘ri ovqatlanish, sport va jismoniy mehnat bilan muntazam shug‘ullanmaslik oqibatida rivojlanadi. Mutaxassislar tomonidan bunday esnash qonda kortizol (stress) gormonining miqdori ortishi bilan tushuntiriladi.
Shuningdek, inson surunkali charchaganda ko‘krakda og‘riq, nafas olish va yurak urishining tezlashishi, bosh og‘rig‘i va hatto, hushdan ketish holatlari ham kuzatiladi.
— Depressiyaga moyil insonlar ko‘p esnaydimi?
— Bugungi kunga kelib insoniyatning intensiv hayot tarzi, orzu-havaslar ortidan quvish, hayotda o‘zimiz o‘rnatgan yuqori maqsadlarga yeta olmaslik natijasida ruhiy zo‘riqishlar va depressiya kuchayib bormoqda.
Tez-tez va betartib esnash ushbu xastalikning alomati bo‘lishi mumkin. Boisi, depressiya paytida insonda kortizol gormonining ortib ketishi kuzatiladi va bunda bemor ko‘p esnaydi.
Qolaversa, antidepressantlar ichish va buning natijasida serotonin gormoni miqdorining ortishi hisobiga ham bunday holat kuzatilishi mumkin. Depressiya vaqtida bemor umidsiz va xomush kayfiyat ta’siridan chiqib keta olmaydi hamda atrof-muhitga qiziqishi yo‘qolib, bosh og‘rig‘i va ixtiyorsiz agressiya kuchayadi. Shu bois, bunday vaziyatlarda shifokorga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.