Tez yordam zamonaviy reanimobilda ko‘rsatiladi
– Prezidentimiz tomonidan keyingi ikki yil davomida tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish yuzasidan bitta farmon, uchta qaror qabul qilindi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali bosh shifokori Akbar Tilyakov. – Mazkur hujjatlarda asosida soha moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xizmat sifatini oshirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tez tibbiy yordam xizmatining avtoparki zamon talablari darajasida yangilanmoqda. Jumladan, viloyatimiz tez tibbiy yordam xizmatida shu paytgacha 137 ta avtomashinadan foydlanilgan bo‘lsa, keyingi yillardagi islohotlar tufayli transport vositalarimiz soni 259 taga yetdi. Ularning 35 tasini xorijdan keltirilgan zamonaviy reanimobillar tashkil etmoqda. Ushbu transport vositalarini jihozlash uchun yaqinda 470 ming dollarlik tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. Bugun berilgan zamonaviy reanimobillar esa bemorga tez va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha sharoit va imkoniyatga ega. Eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan ta’minlangan.
Shuningdek, tadbirda Bulung‘ur, Oqdaryo, Payariq, Narpay tumanlari tibbiyot birlashmalari tez tibbiy yordam bo‘limlariga viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan maxsus jihozlangan “Damas” tez yordam mashinalari berildi.
Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev ishtirok etdi.