Tezlikni oshirish fojiaga olib keldi: haydovchi va bir yashar bola vafot etdi
Kecha, 9 fevral kuni taxminan soat 01:50 larda 24 yoshli R.N. “Lacetti” rusumli avtomashinasini Konimex tumani hududidan o‘tuvchi A-379 “Zarafshon-Navoiy” avtomobil yo‘li bo‘ylab boshqarib borib, mazkur yo‘lning 154-kilometrida belgilangan tezlikni oshirgan holda harakatlanib kelayotgan vaqtida, boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi harakat yo‘nalishiga chiqib ketgan va 23 yoshli N.J. boshqaruvida bo‘lgan “Nexia” rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.
Oqibatda “Nexia” rusumli avtomashina haydovchisi N.J. voqea joyida va avtomashina yo‘lovchisi 1 yoshli chaqaloq A.Sh. Zarafshon shahar tibbiyot birlashmasida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Konimex tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.