«The Wall Street Journal»: Samarqanddagi Amir Temurning mahobatli maqbarasi — nozik o‘ylangan ulug‘vor asardir

Amerikaning taniqli gazetasida Amir Temur maqbarasi haqida batafsil maqola chop etildi.

«The Wall Street Journal» nashri muallifi Melik Kaylan maqolada Samarqanddagi Amir Temur maqbarasidan olgan taassurotlarini qog‘ozga  tushirgan. «Buyuk Aleksandr Makedonskiy,  Atilla, Chingizxonni qayerda dafn etilganini hech qim bilmaydi. Ammo  Amir Temurning  (1336-1405) go‘zal maqbarasi Samarqandning sokin hududida joylashgan», - deyiladi  unda.

«Kristofer Marloning pesasi va Edgar Allanning dostoni Amir Temur haqida afsonalardan ilhomlanib yozilgan ikkita ajoyib asarlardir – deya qayd etadi muallif. - Uning avlodlari Hindistonda katta imperiya yaratdi va dunyoga eng ajoyib yodgorliklarni, jumladan Toj Mahalni meros  qilib qoldirdi».

  U, shuningdek, Amir Temur Samarqandni o‘zining ulkan saltanatining poytaxti etib tanlagani, shaharni kengaytirib, Ipak yo‘lidagi savdo, fan va madaniyat markazi sifatida bunyod etganini ta’kidlagan.

«Asrlar davomida shahar dunyoga mashhur Registon maydoni kabi noyob me’moriy majmuasi bilan boyidi, – deydi Melika Kaylana hayratini yashirolmay. – Registon ro‘parasida Amir Temur maqbarasi joylashgan bo‘lib, u bir qarashda ulug‘vorlikdan ko‘ra kamtaroq ko‘rinadi, undagi qabrlarning oddiyligi islom tamoyillarga mosdek. Biroq, maqbaraning ulug‘vorligi sizning jismoniy holatingiz va nuqtai nazaringizga qarab sezilmas tarzda gavdalanib boraveradi. Maqbara masofadan turib ham yaqindan ham hayratlanarli va juda ulug‘vor. Uni ichkari yoki tashqaridan tomosha qilishingizdan  qat’i nazar inshootning  hashamatli ko‘k-yashil ranglari ko‘zingizni qamashtiradi».

Amerikalik jurnalist maqbaraga quyidacha ta’riflaydi: «Fasadga yaqinlashganingizda, ajoyib koshinlar va muqarnaslar bilan bezatilgan majmuaning monumental darvozalariga duch kelasiz. Undan  o‘tgach, siz taxminan 40 yard narida gorizontal yo‘nalishda cho‘zilgan va uning orqasidagi binolarni deyarli soyada qoldiradigan, ko‘plab mehroblar bilan bezatilgan asosiy qabr qo‘yilgan oq partalga ro‘baro‘ kelasiz. Uning ikki tomonida nafis kalligrafik koshinlar bilan bezatilgan asl to‘rtta minoraning ikkita qayta tiklangan nusxasi joylashgan. Majmuaning uzoqdan qaraganda eng ustun jihati - bu bosh bino tepasida quyoshda yaraqlab turgan, balandligi 40 fut keladigan juda nafis gumbazlaridir. Ikki kirish yo‘lagi o‘rtasida bir vaqtlar madrasa va mehmon uyi bo‘lgan yarim cho‘kkan, loy xarobalari qolgan to‘rtburchak hovli bor. Majmua ichida mehmon uchun aniq geometriyani ta’kidlaydigan, gumbazning dabdabasini va maqbaraning asosiy binosining sakkiz qirrali tuzilishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rishdan niqoblaydigan effekt mavjud».

Muallif maqbara tarixiga to‘xtalar ekan, Temur 1403 yilda urushda olgan tanjarohatlari najatijasida halok bo‘lgan suyukli nabirasi, valeaxd shahzodaga atab   maqbara qurish haqida farmon berganini yozgan. Ammo keyin Temur 1405 yilda 69 yoshida vafot etadi. Qattiq qor yog‘ishi sababli uni nabirasi quyilgan maqbaraga dafn etishga to‘g‘ri keladi. Keyinchalik yana bir nabirasi 30 yil davomida oilaning besh nafar eng nufuzli yetakchilari, shuningdek, Amir Temurning sevimli ustozi yotgan  manzilgohni obod etish bo‘yicha qurilishni davom ettirdi. Maqolada qayd etilishicha,  maqbaraning o‘rtasiga joylashgan sag‘analar ustida temuriylarga bag‘ishlangan yozuvli toshlar bor. Amir Temur qabri ustiga to‘q yashil rangli nefrit tosh qo‘yilgan.

Muallifning aytishicha, maqbaraga rangdor oynalar solingan panjarali darchadan yorug‘lik tushib turadi.

«Yer sathida firuza ko‘k ranglar ustunlik qiladi, yuqoriga qaragan sari tillarang bo‘yoqlar geometrik naqshlarga aylanadi, - deydi u maqbaraning ichki qismini tasvirlar ekan. - Cheksiz yulduzli geometrik naqshlar bir-biriga bog‘lanib, tushunarsiz mavhumlik va abadiy tinchlikni ifodalaydi».

Muallif Amir Temur davrida astronomiya, matematika va metafizika yagona fan bo‘lganini, hukmdor o‘zining jahon poytaxtida muhim madaniyat markazini tashkil etish uchun bosib olingan shaharlardan hunarmandlarni Samarqandga olib  kelganin ta’kidlagan. Shu sababli, ushbu  davrda  Samarqandda san’at va fan, ayniqsa me’morchilik va miniatyurada yangi Uyg‘onish davriga asos solinadi.

«Mo‘g‘ullar  bosqinidan so‘ng Amir Temur Uyg‘onish davrining islomiy shakli asoschisi bo‘lganini qayd etish mumkin», - deyiladi maqolada.

Maqolani yakunida Amir Temur maqbarasi uzoq vaqt davomida sokin ziyoratgoh bo‘lib qolgani, lekin o‘tgan asrning 50-yillarigacha qayta tiklanmaganini  qayd etilgan.

«Biroq 1991 yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, maqbarani qayta  tiklash va Amir Temur merosini qaytarishga kirishildi. Natijada jahon tarixidagi yirik shaxsning munosib ziyoratgohi  yana obod bo‘ldi», - deb yozadi o‘zining  xulosasida Melik Kaylan.

Dunyo AA.