Tibbiyot muassasalarida pulli xizmat ko‘rsatish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori (718-son, 11.11.2025 y.) bilan «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizomga ko‘ra, tibbiyot muassasasiga mijoz rejali tibbiy yordam olish uchun tegishli yo‘llanmasiz, o‘z ixtiyori bilan murojaat qilganda, tibbiy yordam belgilangan tartibda pulli asosda ko‘rsatiladi.

Davlat tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kafolatlangan paket doirasida bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlardan tashqari xizmatlar qo‘shimcha hisoblanadi va pulli asosda ko‘rsatiladi.

Mijoz tibbiyot muassasalarining ro‘yxatga olish bo‘limlari tomonidan qabul qilinadi va ro‘yxatga olinadi. Shuningdek, har bir mijozning tibbiy kartasiga uning shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlari asosida pulli xizmat ko‘rsatilishi belgilanadi.
Mijozlar tibbiyot muassasasiga to‘lovni oldindan to‘liq to‘lash shartlarida qabul qilinadi.
Bundan tashqari, tibbiyot muassasalariga kelgan shaxslar tasdiqlangan narxnoma bo‘yicha haq to‘lagandan so‘ng maslahat olish uchun mutaxassis shifokorga va (yoki) instrumental-laborator tashxis qo‘yishga yuboriladi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yuborish va (yoki) mijozga ambulator yoki statsionar sharoitda davolanish chorasi belgilanadi.