Tibbiyot xodimida koronavirus aniqlangani uchun poliklinikaning 198 nafar xodimi karantinga olingan

Bu haqda bugun AOKA shtabida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi:

- Biz Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining Toshkent viloyati bo‘limi bosh shifokoridan rasmiy javob oldik. Unga ko‘ra, haqiqatan 22 aprel kuni Yangiyo‘l tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasidagi o‘rta tibbiy xodimda COVID-19ga test tekshiruvida musbat natija tasdiqlangan.

Tartib-qoidalarga ko‘ra, poliklinikaning 198 nafar xodimi va ular bilan aloqada bo‘lganlar O‘rta Chirchiqdagi karantin shaharchasiga kuzatish uchun joylashtirildi.

Yangiyo‘l shahri markazining yopilgani, poliklinika shifokor va bemorlari bilan birga yopilgani, koronavirus aniqlangan shifokorlarni eski sana bilan mehnat ta’tiliga rasmiylashtirishgani haqida aholi orasida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.