Tibbiyot xodimlari - kurashning ilk qahramonlari

Aslida shifokorlik kasbi paydo bo‘lganidan beri e’zozlanadi, uni tanlagan insonlar aholi orasida qadr topib kelishgan. Bunga ko‘plab misollar bor, ammo bevosita tahririyat bilan bog‘liq bo‘lgani uchun bitta fikrni aytsam, shuning o‘zi ko‘p gapni ifodalab beradi, deb o‘ylayman.

Necha yildan beri gazeta sohasida ishlasam-da, hali shifokorlardan boshqa kasb egalariga minnatdorchilik bildirish uchun kelgan mushtariyni uchratganim yo‘q. Qariyb har oyda shifokorlardan juda minnatdorman, shunchalik yaxshi qarashdiki, ularga qanday qilib o‘z tashakkurimni izhor qilishni bilmayapman, hatto chin dildan uzatgan pulniyam olishmadi, qabilida keluvchilar rostdan ham ko‘p. To‘g‘ri, ularning faoliyatidan norozi bo‘lib shikoyat yozayotganlar ham bor, buni inkor etmaymiz. Ammo minnatdorchiliklar soni ko‘proq ekanini tahririyatimizdagi xatlar bo‘limi statistikasidan ham bilsa bo‘ladi.

Bu yil esa ularning qadri har qachongidan ko‘ra balandroq bo‘ldi, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ular yil qahramonlari sifatida e’tirof etildi. Kutilmagan kasallik, pandemiya, hamma o‘z yaqinidan qo‘rqib qolgan bir paytda shifokorlar qochib ketdi, degan gap chiqqani yo‘q. Aksincha, ular o‘z mas’uliyatli vazifasini bajarishga va buni har doimgi ishi, majburiyati deb qarashganiga ko‘p bora guvoh bo‘ldik.

Aytish kerakki, garchi bugungi kunda koronavirus xastaligini turli yo‘nalishda mehnat qilayotgan shifokorlar davolayotgan bo‘lsalar-da, pandemiyaning ilk mavsumida kasallikka qarshi asosiy «qalqon kiyimi»ni yuqumli kasalliklar shifoxonasi mutasaddilari kiyishdi. Kiyishganda ham og‘rinmay, ta’masiz kiyishdi. (E’tibor bergan bo‘lsangiz, shifokorlarga qo‘shimcha moddiy ta’minot berilishi bo‘yicha hujjat sal keyinroq e’lon qilindi).

- Yuqumli kasalliklarga ixtisos­lashgan shifoxonalarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar shu kabi xastaliklar tarqalish ehtimoli bo‘yi­cha doimiy ravishda turli o‘quvlar, amaliy mashg‘ulotlarda qatnashishadi, bu ularning hushyorligini oshirish, har qanday vaziyatga tayyorgarligini ta’minlashga xizmat qiladi, - deydi Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Ibodulla Karimov. - Ammo o‘quv boshqa, bu holatni amalda qo‘llash boshqa. Ushbu pandemiya davrida shuni angladimki, garchi avvaliga shifokorlarda biroz ruhan ehtiyotkorlik kuzatilgan bo‘lsa-da, ular o‘zlarini juda tez qo‘lga olishdi va xastalik bilan o‘sha o‘quv amaliyotlarida o‘tagani kabi ehtiyotkorlik va bilim bilan kurashdilar. Nafaqat shifokor, balki o‘rta tibbiyot xodimlari va boshqa barcha xodimlar ham hushyorlikni, ogohlikni unutmagan holda ish olib borishdi.

Inson uchun noma’lumlik qanchalik qo‘rqinchli ekanini hammamiz tasavvur qilamiz. Hali fanga noma’lum xastalikni davolashi kerak bo‘lgan shifokor uchun esa o‘n karra ortiqroq mas’uliyat yuklaydi. Garchi jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti andazalari asosida davolash usullari, hukumatimiz tomonidan dori-darmon vositalari belgilangan va ajratilgan bo‘lsa-da, har bir mutaxassis o‘z tajribasiga ko‘proq tayanadi. Bu yerda esa tajriba yo‘q, siz ko‘r-ko‘rona, natijasi qanday bo‘lishini bilmagan holda inson salomatligiga mas’ulsiz. Yana qo‘shimchasiga bemoringizga dalda berishingiz va uni ishontira olishingiz kerak. Bu har qanday tibbiyot xodimidan katta irodani talab qiladi. Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari pandemiyaning boshlang‘ich darajasida ishlar ekan, mana shu kabi murakkablik­lardan o‘tdi, deb o‘ylayman. Hozir ham xastalik chekingani yo‘q, hamon dunyo bo‘yicha olimlar izlanish olib borishi qatori uni davolash bo‘yi­cha ko‘plab tavsiyalar berishyapti. Endilikda mamlakatimiz shifokorlarida ham bu borada tajriba to‘plandi.

Aytish kerakki, kasallik bir necha bosqichdan o‘tdi, bir necha faslni o‘tkazdi. Bu esa xastalik qanchalik ayyor bo‘lmasin, uning o‘zini namoyon etishiga va unga qarshi kurashishiga imkon yaratdi. Deylik, bahor oylarida dunyo olimlari, virus issiqqa chidamsiz, yozda pasayish kuzatiladi, degan taxminda edi. Ammo bunday bo‘lmadi, aksincha, ushbu faslda kasallik og‘ir kechdi, o‘lim holatlari ham nisbatan ko‘proq qayd etildi. Sovuq tushishi bilan virus avj olishi ehtimoli bor, degan taxminlar ham hozircha o‘zini oqlagani yo‘q. Shukrki, sovuq tushishi, kasallik kamayishiga olib keldi. Aytmoqchimanki, o‘tgan vaqt biz shifokorlar uchun o‘ylashga, bu borada izlanish olib borishimizga imkon berdi.

Shifokorlarning ushbu vaziyatdagi qahramonliklari hukumatimiz tomonidan doim qo‘llab-quvvatlab turilgani har bir tibbiyot xodimiga dalda bo‘ldi, desak adashmaymiz. Mavjud mukofotlarga qo‘shimcha, yangilari tashkil etildi, har bir xodimning mehnati qadr topdi. Bizning shifoxonamizda ko‘p­lab xodimlar turli darajada mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

Nafaqat viloyatda, balki tumanlarda ham yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarni davolash uchun e’tibor bu yil yana bir necha karra kuchaydi. Tajribamiz yanada oshdi, zamonaviy tibbiyot uskunalari ta’minotida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Bularning barchasi izsiz qolib ketmaydi, kelgusida yuqumli xastaliklar bilan kurashda tibbiyot xodimlari uchun bir tajriba sifatida o‘rganiladi, tahlil etiladi, faoliyatning yanada yaxshilanishiga turtki bo‘ladi.

Gulruh MO‘MINOVA.