Samarqandda 61 nafar tibbiyot xodimlariga 1,2 milliard so‘m to‘lanishi nega kechiktirilgan?

Nazarimda, bu savol hamon ochiq qolmoqda. Umuman, bu masalada savollar juda ko‘p. Boshqarma Sog‘liqni saqlash vazirining 2 apreldagi yozma ko‘rsatma xati ijrosini nima uchun ta’minlamadi?

Boshqarmaning 1 maydagi 13-sonli umumiy yig‘ilish bayoni bilan topshiriq ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rganmiz, deyishlari tayin. Biroq ko‘rsatma ijrosini oradan shuncha vaqt o‘tkazib, ijroga qaratish qaysi qonun normasiga to‘g‘ri keladi? Bu kechikish uchun kim javob beradi?

Zarnews.uz’da berilgan xabarda  “tibbiyot xodimlariga mablag‘ ajratish uchun moliya bosh boshqarmasiga taqdim etiladigan talabnomani o‘rnatilgan tartibda, o‘z vaqtida taqdim etmagani aniqlanganligi sababli viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining bosh mutaxassisi (iqtisodchisi) S.Islamov o‘z vazifasidan ozod etilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi.

Savol tug‘iladi, boshqarma bu xabarni tarqatishda men bu sanada o‘z ixtiyorim bilan, arizamga ko‘ra, ishdan ketganligimni nega e’tiborga olmadi?

Boshqarma bu bilan sha’nimga, qadr-qimmatimga ma’naviy zarar yetkazdi.

Shu bois, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo ariza kiritdim. Shu o‘rinda ayrim jihatlarga e’tiboringizni qaratsam (bularning barchasi sudga taqdim qilinib, sud tomonidan e’tiborga olingan).

Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 2020 yil 18 martdagi 240U-sonli buyrug‘i bilan koronavirus infeksiyasi kirib kelishi, tarqalishining oldini olish va epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida viloyat muvofiqlashtirish ishchi guruhi va a’zolarining kunlik ish taqsimoti tasdiqlangan. Unda S.Islamov boshqarma bosh iqtisodchisi sifatida ishchi guruhiga a’zo sifatida kiritilmagan.

Karantin muassasalarida ishlayotgan mutaxassislar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish, ularning ro‘yxatini tasdiqlab, moliya boshqarmasiga berib borilishini ta’minlash, ustamalarni hisoblash, to‘lanishini nazorat qilish vazifasi boshqarmaning bosh hisobchisi S.Yoqubovga ishchi guruh a’zosi sifatida yuklatilgan.

Shu asosga ko‘ra, karantin davrida 1,2 milliard so‘m to‘lanmaganligida mening aybsiz ekanligim isbotlandi. Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi masalaga oydinlik kiritsin: aybdorga qanday chora ko‘radi?

Yuqoridagi savollarning aslida menga aloqasi yo‘q. Ularga javob topish tegishli mutasaddilarga, ijro intizomiga mas’ullarga havola.

Ammo shu o‘rinda bir gapni aytmasam bo‘lmaydi. Insonni “yaxshi” yoki “yomon”ga ajratish mumkindir. Ammo huquq masalasida birov boshqadan ustun emas. Ya’ni, kimnidir yomon ko‘rish ixtiyoriy masala. Biroq qonuniy huquqini hurmat qilmaslikka hech kimning haqi yo‘q.

Aynan shuning uchun da’vo arizamni ko‘rib chiqqan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotga besh kunlik muddatda raddiya berish va “Samarqand koronavirus info – uyda qoling” nomli ijtimoiy telegram sahifasida chop etish majburiyatini yukladi.

Biroq oradan mana 20 kundan ziyod vaqt o‘tyapti hamki, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bu majburiyatni bajarmayapti.

Bundan tashqari, sud boshqarma hisobidan 2 million 907 ming 610 so‘m zarar undirish haqida qaror chiqargan.

O‘ylaymanki, Majburiy ijro byurosi sud qarorining mazkur qismi bajarilishida qonun talablari doirasida ish ko‘radi.

Sunnat ISLOMOV.