Pandemiya sharoitida mehnat qilgan tibbiyot xodimlariga Samarqandning qaysi hududida, qancha mablag‘ to‘lanmagan?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorda qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanishi belgilangan.

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi hamda tuman, shahar adliya bo‘limlari tomonidan mazkur farmonning ijrosi yuzasidan monitoring o‘rganishlar o‘tkazilganda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan ayrim tuman, shahar sog‘liqni saqlash hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlarining oylik ish haqiga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab berilmaganligi aniqlandi.

Jumladan, Samarqand tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan 121 nafar xodimlarga 151 million 635 ming 700 so‘m mablag‘ to‘lab berilmagan.

Shuningdek, Ishtixon tumanida 18 nafar xodimga 22 million 236 ming 927, Toyloq tumanida 28 nafar xodimga (36 311 000), Kattaqo‘rg‘on shahrida 22 nafar xodimga 22 million 586 ming 600, Paxtachi tumanida 10 nafar xodimga 23 million 469 ming, Jomboy tumanida 39 nafar xodimga 75 million 638 ming, Urgut tumanida 32 nafar xodimga 32 million 360 ming, Samarqand shahrida 32 nafar xodimga 32 million 815 ming, Payariq tumanida 11 nafar xodimga 11 million 500 ming, Oqdaryo tumanida 7 nafar xodimga 621 ming va Past Darg‘om tumanida 3 nafar xodimga 3 million 78 ming so‘m qo‘shimcha 6 foiz miqdorida pul to‘lanmagan.

Bundan tashqari, ayrim tumanlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan sanitariya va epidemiologiya osoyishtilik markazi xodimlari oylik ish haqlariga qo‘shimcha ustamalar to‘lanmaganligi aniqlangan.

Xususan, Past Darg‘om tumanida 74 nafar xodimga 64 million 230 ming, Samarqand tumanida 59 nafar xodimga 51 milion 289 ming, Ishtixon tumanida 59 nafar xodimga 37 million 765 ming, Jomboy tumanida 52 nafar xodimga 53 million 755 ming, Kattaqo‘rg‘on shahrida 47 nafar xodimga 43 million 703 ming, Paxtachi tumanida 44 nafar xodimga 47 million 863 ming, Toyloq tumanida 42 nafar xodimga 62 million 961 ming, Qo‘shrabot tumanida 35 nafar xodimga 35 million 830 ming hamda Bulung‘ur tumanida 6 nafar xodimga 13 million 61 ming so‘m oylik ish haqiga qo‘shimcha mablag‘ to‘lab berilmagan.

Mazkur aniqlangan qonunbuzilishlarni bataraf etish va kelgusida bunday qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik hamda aybdor shaxslarning javobgarligini ko‘rib chiqish maqsadida viloyat adliya boshqarmasi, shuningdek, tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan taqdimnomalar kiritilgan.