Tibbiyot xodimlari kuni oldidan: Paxtachida murakkab amaliyotlar o‘tkazildi
- Bemordagi o‘simtalar jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanmasa, yomon oqibatlarga olib kelishini tushunib turardik, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shavkat Shomirzayev. – Bu juda xavfli bo‘lib, tuman sharoitida bunday murakkab amaliyot hali o‘tkazilmagan, qolaversa, onaning yoshi ham katta, buning ustiga o‘simta tananing bir emas, bir nechta joyini zararlagan edi.
Nihoyat barcha tayyorgarlikdan so‘ng respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialining yetakchi jarrohlari O.Xo‘jamov, I.Shonazarov va Y.Kuliyevlar bemorning jigar, taloq, bachadon, qorin parda orti sohasi, qorin bo‘shlig‘ining barcha sohalaridan 21 ta exinokokk o‘simtalarini jarrohlik operatsiyasi yordamida olib tashlashdi.
- Bu judayam murakkab jarrohlik operatsiyasi bo‘lib, shu paytgacha faqatgina poytaxtda va Samarqand shahridagi ixtisoslashgan shifoxonalarda amalga oshirib kelingan, – deydi tajribali jarroh Olimjon Xo‘jamov. – Bu operatsiya orqali nafaqat bemorning shaharga bormasdan salomatligi tiklandi, balki olis tumanda ham qiyin jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishga imkoniyat borligi isbotlandi.
Bugungi kunda bemorning ahvoli yaxshilanib, tiklanish jarayoni tez o‘tmoqda.
- Tan olishim kerak, yashashdan umidimni butunlay uzib qo‘ygan edim, -deydi Esma Bekerova. – Ikki marta operatsiya qilingach ham ahvolim yaxshilanmadi. Samarqand yoki Navoiy shahridagi shifoxonalarga borib davolanay desam, jo‘jabirday jonmiz, oilaviy ahvolim ko‘tarmaydi. Baxtimga o‘zimizning shifoxonada ham barcha shart-sharoitlar yaratilibdi. Jonimga oro kirgan shifokorlarga katta rahmat.
Dilmurod TO‘XTAYeV.