Tibbiyot xodimlari sonida ham, moliyalashtirishda ham muammo yo‘q. Lekin, sifat talab darajasida emas - Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Dastlab yig‘ilishda so‘nggi 7 yilda tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘ 6 karra oshgani va joriy yilda 42 trillion so‘mga yetgani ta’kidlandi. Mahalladagi birlamchi bo‘g‘in bilan ixtisoslashgan xizmatlarni bog‘laydigan kompleks tizim yaratildi. Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyot viloyat va tumanlarda o‘tkazilmoqda. Birgina buyrak ko‘chirish amaliyoti kuniga 2 tadan bajarilmoqda.

Mamlakatimizda har o‘n ming aholiga 27 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Bu AQSh, Buyuk Britaniya, Finlandiya bilan bir xil ko‘rsatkich. Turkiya va Kanadada bu raqamlar 1,5 baravar kam.

- Ko‘rib turibsiz, bizda tibbiyot xodimlari sonida ham, moliyalashtirishda ham muammo yo‘q. Lekin, sifat-chi? Bu borada e’tirozli savollar juda ko‘p”, - dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekistonda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar iqtisodiyotimizga har yili 1 milliard dollar zarar keltirishi hisob-kitob qilingan. Tez yordamdagi jami chaqiruvlarning to‘rtdan biri surunkali kasalliklari bor bemorlarga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, Farg‘onadagi 12 ta mahallada o‘tkazilgan o‘rganishda har 10 nafar bemordan 8 nafari oilaviy shifokorni chetlab o‘tib, shifoxonaga yoki xususiy klinikaga borayotganini aytgan. Xorazmda esa bemorlar oilaviy shifokorni emas, tez yordamni afzal ko‘ryapti. Sodda qilib aytganda, tez yordam xuddi poliklinikadek bo‘lib qolgan.

Andijon, Namangan va Samarqand shahrida poliklinika shifokori kuniga 50-60 nafar bemorni qabul qilyapti. Bu hech qanday tibbiy standartlarga to‘g‘ri kelmaydi. Buxoroda oilaviy shifokorlar profilaktika, skrining va davolash bilan shug‘ullanish o‘rniga bemorni shifoxonaga yo‘naltiruvchi “dispetcher” bo‘lib qolgan.

Bu masalalarni na sog‘liqni saqlash mas’ullari, na hokimlar o‘ylab ko‘rmagani qayd etildi.