Tibbiyotda xususiy sektorning o‘rni mustahkamlanadi
Mazkur tarmoqqa davlat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni sifat jihatidan yuksaltirish va yanada to‘ldirishga ko‘maklashadigan muhim tarkibiy qism sifatida qaralmoqda.
Viloyatimizda ham xususiy tibbiyotni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan "Yo‘l xaritasi" bo‘yicha birgina joriy yilda 61 xususiy tibbiyot muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 11 muassasa faoliyati kengaytirildi. 25 ta davlat mulki ob’yektini aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub’yektlariga "nol" qiymatda berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. 13 ta xususiy tibbiyot muassasasiga imtiyozli kredit ajratildi. Bu kabi imtiyoz va imkoniyatlar tufayli bugungi kunda viloyatdagi xususiy tibbiyot muassasalari 270 dan ortiq eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, aholiga zamonaviy xizmat ko‘rsatmoqda.
Yil boshidan buyon 17 xususiy tibbiyot muassasasi chet ellardagi nufuzli klinikalar mutaxassislarini jalb etgan holda 1000 nafardan ortiq bemorni ko‘rikdan o‘tkazdi. Ko‘rik natijalari asosida murakkab jarrohlik amaliyotlari shu yerda bajarildi.
Bundan tashqari, ayni paytda Samarqand shahridagi 10 ta davlat davolash profilaktika muassasasida bemorlarni ovqatlantirish xususiy tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan autsorsing tizimi asosida tashkil etilmoqda. Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar sohada xususiy sektorning o‘rnini yanada mustahkamlashi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat samaradorligini yuksaltirishi shubhasiz.
Shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni va "O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarning yangi bosqichini boshlab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ushbu hujjatlarda xususiy sog‘liqni saqlash tizimi, davlat-xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Bu borada amalga oshiriladigan ishlar 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi va konsepsiyani amalga oshirish chora-tadbirlari dasturida aniq belgilab qo‘yildi.
Eng muhim yangiliklardan yana biri, vazirlik tarkibidagi xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish markazi va uning hududiy bo‘limlari tugatilib, o‘rnida Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi va hududiy bo‘limlar tashkil etildi.
Mazkur boshqarma, uning hududiy bo‘limlari sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma loyihalarini tashkil etish va amalga oshirish, tibbiyot tashkilotlarining mol-mulkini, jumladan, yer uchastkalarini muomalaga kiritish bo‘yicha takliflarni tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiyalarni jalb etish, mahalliy tibbiyot tashkilotlarining tibbiy turizm salohiyatini tubdan oshirishga yo‘naltirilgan kirish tibbiyot turizmini rivojlantirish, davlat tibbiyot muassasalarida pullik xizmat ko‘rsatishni tashkil etish va amalga oshirish, ularning turi hamda hajmini kengaytirish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Davronbek JUMANIYoZOV,
viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i.