Tibbiyotdagi oddiy xatoliklar qachon barham topadi?

Ayol vafot etdi... Qarindoshlari, yaqinlari peshona, taqdir ekan, deyishdi. Ehtimol, shundaydir.

...Lekin ayol operatsiya vaqtida yana bir og‘ir dard – gepatit S ni yuqtirib olgan edi. Shundog‘am surunkali xastalik bilan olishayotgan bir paytda bu unga og‘irlik qildi. Ko‘p o‘tmay, ayol vafot etdi.

Taqdirimizda kasbga xiyonat tufayli kimningdir bu dunyodan ertaroq ketishiga, oddiy tibbiyot qoidalariga rioya qilmaganimiz uchun xastaliklar yuqtirish ham bormikan?

Umuman, shifokorlar xatosi tufayli orttirilayotgan qo‘shimcha xastaliklar, hatto o‘limlarga ko‘z yumib ketayotganlar qancha?! Shu savolning o‘zi insonni sergak torttiradi.

Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 16 yoshli qiz burun operatsiyasi vaqtida vafot etdi. Qizning qarindoshlari aytishicha, uning o‘limiga nafas yo‘llariga tampon tiqilib qolgani va buning oqibatida u nafas ololmay qolgani sabab bo‘lgan. Holat yuzasidan tergov boshlangan.

Namangan viloyati Pop tumanida oyog‘i sinib, ikki marta operatsiya qilingan bemor komaga tushib, vafot etdi...

Bular hali ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganlari. Shunchaki taqdirga tan berilgan taqdirlar qancha?!

Bu mavzuni yozish har qanday insonga og‘irlik qiladi. Sababi, tarozining bir pallasida aynan shifokorlar tufayli ming darddan xalos bo‘layotgan insonlar bor. Ha, bugun tibbiyot xodimlari har kuni minglab insonlarning dardiga shifo topyapti, minglab insonlarga hayot bag‘ishlayapti. Ayniqsa, shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limlariga baxtsiz hodisalar tufayli juda og‘ir ahvolda kelib, shukr aytib chiqib ketayotganlari qancha! Lekin...

Kichik bir kamchiliklar tufayli inson hayotini xavf ostiga qo‘yayotgan xodimlar ham borligi bemorning, yaqinlarining esidan bir umr chiqmaydigan holatdir. Mening xotiralarimda ham shunday bir misol borki, hanuzgacha o‘sha shifoxonaning nomini eshitsam vujudim qaltiraydi. Otam o‘sha shifoxonada vafot etdi. Yo‘q, shifokorlar otamga yaxshi qarashdi, zarur muolajalarni amalga oshirishdi. Lekin hammasi otamni ushbu shifoxonadan olib ketishda boshlandi. Maxsus xonadagi xodim mayitni olib chiqish uchun men bilan savdolasha boshladi. Oilamizga kelgan bu g‘amdan o‘zim ne ahvoldaman-u, bunday so‘rovdan qanday vaziyatga tushganimni tasavvur qilish qiyinmasdir. Va bu savdo, mana, oradan necha yillar o‘tsa hamki yuragimga muhrlanib qolgan, go‘yoki o‘sha shifoxonada haliyam mayitni savdoga qo‘yishayotganday tuyuladi...

Bugun tibbiyotda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti – yangicha davolash usullari, korrupsiyaga qarshi kurash, tizimning raqamlashishi - hammasi quvonarli. Lekin eng zamonaviy tashxis apparatlari-yu barcha sharoitlar muhayyo bo‘lgan bir paytda oddiy qoidalarga amal qilinmagani uchun insonning vafoti kechirib bo‘lmas holatdir. Bundayin yozuqdan tibbiyot xodimlarini ham, bemorni ham asrasin, deymiz.

Gulnora Xoldorova.