Tikuv sexi ochgan fuqaro soliq to‘lovchi sanaladimi?
- Kichik tikuv sexi ochmoqchiman. 2 ta yoki 3 ta tikuv mashinasini olib, faoliyat yuritaman. Men tikuv sexi uchun soliq to‘laymanmi?
Obid Niyozmatov,
Payariq tumani.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ilovasida o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatida tikuv, mo‘yna, charm va trikotaj buyumlarni, bosh kiyimlarni va to‘qimachilik galantereyasi buyumlarini ta’mirlash, aholining yakka tartibdagi buyurtmasi bo‘yicha tikuv va trikotaj buyumlarini, bosh kiyimlarini va to‘qimachilik galantereyasi buyumlarini tikish faoliyati ham keltirilgan.
Mazkur qarorga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi hamda ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.
Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar bo‘lgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashi belgilab berilgan.
Bundan tashqari, tikuvchilik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs, ya’ni oilaviy korxona sifatida ro‘yxatdan o‘tganda turar joyni noturar ob’yektga o‘tkazmasdan faoliyatni amalga oshirishi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat xizmatlari markazidan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tilgan vaqtdan e’tiboran soliq majburiyati yuzaga keladi.
Savolga Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi Anvar Qobilov javob berdi.