Til bilgan, el biladi

Samarqand davlat chet tillar institutida maktab, litsey va kollejlar o‘quvchilarining ingliz tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilgan “English Assess Microscholarship Program” loyihasi yakuni va mazkur loyiha bitiruvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.Xoliqov va boshqa so‘zga chiqqanlar til nafaqat o‘zaro aloqa vositasi, balki u ma’naviyat ko‘zgusi ekanligini e’tirof etib, “Acsess  Microscholarship” dasturining ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, davrning o‘zi oliy o‘quv yurtlari talaba yoshlariga o‘zlari tanlagan mutaxassisliklardan tashqari xorijiy tillarni  ham  bilishni taqozo etmoqda. Shu bois 2022 yilning dekabrida institut qoshida Samarqand shahridagi kam ta’minlangan va  ijtimoiy  ko‘makka muhtoj oilalarning maktab, litsey hamda kollejlarda tahsil olayotgan 33 nafar farzandining ingliz tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi va Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashi bilan hamkorlikda Amerika Qo‘shma Shtatlari davlat depertamenti tomonidan moliyalashtirilgan “English  Access Microsholarship Program” loyihasi asosida qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Mazkur loyihaga asosan o‘qituvchilar oylik maosh, shuningdek, idora ashyolari, darsliklar, o‘quv  va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, ular 2022 yilning noyabr va 2023 yilning avgust oylarida  tashkil etilgan seminar-treninglarda loyihani standartlashtirish bo‘yicha malaka oshirishdi. 

- Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashining asosiy maqsadi ingliz tilini bilishga qiziquvchi o‘quvchi yoshlarga bu tilni chuqur o‘rganishlariga yordam berishdan iborat, - deydi Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashining O‘zbekistondagi direktori William Shane O‘roark. - Hozirgi globallashuv davrida yoshlar o‘z ona tilidan boshqa xorijiy tillarni ham bilib qo‘ysa foydadan xoli bo‘lmaydi. Burro-burro ingliz tilida gaplashayotgan o‘zbek o‘g‘il-qizlarini ko‘rib, ochig‘i, quvondim. 

Tadbirda loyiha bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi.     

Zebiniso Hamroyeva.