Til bilgan yoshlarga 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi

Bu haqda viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Azizova ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanganidek, viloyatda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ijtimoiy faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2025-yil davomida “Besh tashabbus olimpiadasi”da 1,2 million nafar yosh ishtirok etdi. Tanlovlar yakunida Samarqand viloyati yoshlari 51 ta medalni qo‘lga kiritib, respublikada 2-o‘rinni egalladi. Shuningdek, “DXX kubogi” futbol musobaqalarida 88 mingdan ortiq yosh qatnashdi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida turli harbiy-sport musobaqalari o‘tkazilib, ularga 620 mingdan ziyod yoshlar jalb etildi.

Viloyatda xorijiy tillarni o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda 340 ta o‘quv markazida 32 mingdan ortiq yoshlar xorijiy tillarni o‘rganmoqda. 2025-yildan buyon xalqaro imtihonlarda yuqori natijaga erishgan samarqandlik yoshlarning imtihon xarajatlarini qoplash uchun 3 milliard 90 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

“Ibrat farzandlari” mobil ilovasi orqali 229 mingdan ziyod yoshlar onlayn tarzda til o‘rganmoqda.

Anjuman davomida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Zahro IBRAGIMOVA.