Tilimiz rivojlanishga, yordamga muhtoj

Buning uchun nimalar qilinyapti?

Har yili viloyatimizda  21 oktyabr kuni O‘zbek tili bayrami Samarqand shahridagi markaziy istirohat bog‘ida, hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlanishi an’anaga aylangan.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil to‘lishi hamda O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, yozuvchi va shoirlar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, talaba-o‘quvchilar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

- Bugungi kunda tilimiz rivojlanishga, yordamga muhtoj, - deydi SamDU professori Suyun Karimov. – Bu borada uch yo‘nalishda ish olib borilyapti. Birinchisi, davlat ahamiyatida, ikkinchisi ilmiy, uchinchisi esa ommaviy munosabat. Jumladan, davlatimiz tomonidan tarixda bo‘lmagan ishlar amalga oshirilyapti. Birgina misol, shu paytgacha BMT minbarida turib o‘zbek tilida ma’ruza qilinmagan edi. Buni Prezident Sh.Mirziyoyev amalga oshirdi. Shuningdek, O‘zbek tilini rivojlantirish davlat departamentining tashkil etilishi ham alohida ahamiyatga ega. Bir qancha izohli lug‘atlar ustida ish olib borilyapti. Xususan, Samarqand viloyatida joy nomlari tarixi, toponimik izohli lug‘at yaratilmoqda. Tilning adabiylashishi uchun harakatlar olib borilmoqda. Bola maktabgacha ta’lim tashkilotidayoq sof o‘zbek adabiy tilida gaplashishini ta’minlashga e’tibor qaratilyapti.

Haykal poyida tashkil etilgan adabiy-ma’rifiy tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar tilimizning qadr-qimmati haqida gapirib, yig‘ilganlarni bayram bilan tabrikladi.

Tadbirda Samarqand davlat unversiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari, turli millatga mansub yoshlar o‘zbek tilida she’rlar o‘qidi.

Shuningdek, istirohat bog‘ida kitoblar savdo yarmarkasi, havaskor ijodkorlar, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan tasviriy va amaliy san’at namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar kun davomida ta’lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda davom etdi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).