TIRILGAN MURDA: Muhojir muhojirga qarshi

Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatiga qarshi Kaliforniya shtatida boshlangan norozilik namoyishlari Texasga va keyinchalik Amerikaning boshqa shaharlariga ham keng yoyildi. Norozilik chiqishlaridan xavotirga tushgan AQSh prezidenti Donald Tramp namoyishlarni bostirish uchun milliy gvardiya va dengiz piyodalarini Los-Anjelesga yuborishga buyruq berdi. Bu esa noroziliklarning yanada avj olishiga sabab bo‘ldi.

Qizig‘i, Trampning ota-bobosi ham bir paytlar Amerikaga nochor muhojir bo‘lib borgan. Amerika voqeligining yana bir xususiyati - u yerga muhojir bo‘lib borganlar to oyoqqa turib olgunicha demokrat bo‘ladi. Pullari ko‘payib, obro‘-ye’tibor qozonib olgach, bir yumalab respublikachiga aylanadi. Donald Tramp ham bir paytlar demokratik partiya faollaridan biri bo‘lgan. U ham qiyinchilik pog‘onalaridan o‘tib olib, katta boy bo‘lgach, demokratik qarashlaridan voz kechib, respublikachilar partiyasining yirik arboblaridan biriga aylandi va bu unga katta siyosat sari yo‘l ochib berdi. Ammo nima bo‘lganda ham, uning siyosatchi arbob sifatida shakllanishida demokratik partiyaning katta hissasi bor. Endi u kunda bo‘lmasa-da, kun ora demokratik firqa va uning arboblari, ayniqsa, sobiq prezident Jozef Bayden ustidan mag‘zava ag‘darishdan erinmayapti. Uning gapi bo‘yicha hayotda qanaqa kamchilik bo‘lsa, hammasiga Bayden aybdor, qanaqa yutuq bo‘lsa barisiga o‘zi sababchi. Bu borada unga ustozi Vladimir Putin chinakam rahnamo bo‘lsa, ajab emas. Tramp Putinning ish uslubiga, shon-shuhratiga astoydil havas qiladi. Putindek mashhur bo‘lgisi, u singari uzoq-uzoq yillar davr-davron surgisi keladi. Unga o‘xshab xalqini qo‘rqitib olishni, "gah" desa qo‘liga qo‘nadigan bo‘lishini istaydi. Ammo Amerika jamiyati ozodlik ta’mini tatib ko‘rgan, qolaversa, dunyodagi zulm, adolatsizlik, yo‘qsillik illatlaridan chora izlab, o‘z yurtini tark etgan erkparvar insonlar va ularning avlodlaridir. Ulardagi erkinlik va hurfikrlilik ko‘nikmalarini yo‘qotish uchun bir vaqtlar sobiq SSSRda bo‘lganidek, millionlab erkparvar odamlarni qirib yo‘qotish lozim.

Yaxshiyamki, AQSh prezidentlarining hukmdorlik muddati qat’iy to‘rt yil qilib chegaralab qo‘yilgan. Bu esa avtoritarizm va totalitarizm illatlariga qarshi eng yaxshi immunitetdir. Agar Tramp prezidentlik davomida xuddi Putinga o‘xshab, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, siyosiy umrini uzaytirishga erishsa, ana unda ish jiddiylashib, Amerikaning yer yuzidagi gegemonligiga butkul barham beriladi va mamlakat ko‘pqatori oddiy bir imperiyaga aylanib qoladi. Chunki AQSh jamiyatiga hayotiy quvvat berib turgan narsa mamlakatda ustuvor bo‘lib turgan demokratik tizim va qonun tamoyillaridir. Bundan chekingan jamiyat ertami yoki kech halokat xavfi bilan yuzma-yuz bo‘ladi. Chunki odamlar yo‘qchilikka ham, qiyinchilikka ham, qimmatchilikka ham chidab berishi mumkin. Ammo adolatsizlikka chidolmaydi. Aynan shu bois ham namoyishlar, qo‘zg‘olonlar, inqiloblar hali u yerda,  hali bu yerda sodir bo‘lib turaveradi. Hatto, farovon va dorulamon mamlakatlar ham bundan mustasno emas. Buni biz bugun Amerika misolida yaqqol ko‘rib turibmiz. Bugungi AQSh alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib yotgan hayot qozoniga o‘xshab qoldi. Prezident Tramp chiqarayotgan telba-teskari farmonlar oqibatida Amerika jamiyatida va umuman, dunyoda katta-kichik noxushliklar yuzaga kelmoqda. Xalqaro maydonda AQSh yakkalanib qoldi. Turli mamlakatlar bilan orada jiddiy ziddiyatlar paydo bo‘ldi. Oqibatda, dunyoda Amerikaning nufuzi, Trampning obro‘si ham  pastlagandan pastlab bormoqda. So‘nggi so‘rov natijalariga qaraganda, iyun oyida uning umumiy reytingi eng past darajaga: 34-36 foizga tushib qolgan.

Ayniqsa, Ilon Mask bilan bo‘lib o‘tgan mojaro uning o‘rta sinf vakillari orasidagi obro‘siga jiddiy putur yetkazdi. Garchand, Mask keyinroq undan kechirim so‘ragan bo‘lsa-da, kekchi Tramp u bilan yarashishni istamadi. Oqibatda Ilon Mask Amerikani tark etganligi aytilmoqda. Aytaylik, Xitoy uni jon-jon deb, quchoq ochib kutib oladi. Chunki Ilon bilimi va fikriy quvvati bilan butun dunyoni qoyil qoldirgan inson. Afsuski, Tramp haqida bunday deb bo‘lmaydi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida u oddiy geografiyani va Kaliforniya shtati sug‘orish tizimini yaxshi bilmasligini fosh etib qo‘ydi. Shu ma’noda, Donald Tramp yaxshi biznesmen va shoumen bo‘lsa-da, dunyo ilmlaridan uzoq, o‘rtamiyona oddiy bir bakalavr ekanligi ayon bo‘lib qoldi. Amerikadek buyuk davlatni boshqarish uchun esa juda katta bilim va tajriba zaxirasi zarur. Bunda allaqachon o‘z umrini o‘tab o‘lib bo‘lgan, tarix axlatxonasiga uloqtirilgan yaramas qadriyatlarga suyanish baayni o‘zi o‘tirgan shoxni kesish bilan barobar.

Xudoyberdi KOMILOV,

siyosiy sharhlovchi.