TIV Xabarovskda migrantlarning ommaviy hibsga olingani haqidagi xabarga munosabat bildirdi
O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi Xabarovsk shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan migrantlar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolarining ommaviy hibsga olingani to‘g‘risida tarqalgan xabarni tekshirmoqda.
Avvalroq mahalliy OAVlar 12 dekabr kuni bir nechta shahar avtobuslari haydovchilari migratsiya xizmati tekshiruvi vaqtida qo‘lga olingani haqida xabar tarqatishgan edi.
Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, vaziyat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olingan.
Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugi (Amur viloyati, Kamchatka o‘lkasi, Magadan viloyati, Primore o‘lkasi, Saxa Respublikasi (Yoqutiston), Saxalin viloyati, Yahudiy avtonom viloyati, Xabarovsk o‘lkasi, Chukotka avtonom okrugi) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +7-423-260-48-00, +7-951-018-70-07.