To‘g‘ri so‘zning to‘qmog‘i

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat tilini qo‘llash doirasini kengaytirish haqidagi qonun loyihasining muhokama uchun e’lon qilinishi tilimiz ravnaqi yo‘lida ayni muddao bo‘ldi.
Undagi qoida-tartiblar aniq va tushunarli, ya’ni, agar biror davlat tashkiloti ish yuritishda O‘zbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi Qonuni talablariga rioya etilmasa, o‘sha tashkilotning mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy jarima chorasi qo‘llanishi haqida aytilgan. Xuddi shunga o‘xshash qoidalar tevarak-atrofimizdagi qo‘shni mamlakatlarda ham mavjud.
Ushbu yangi loyihaning e’lon etilishiga bosh sabab: bizda davlat tili haqidagi qonunning izchil bajarilmaganligidir. "Chala bajarilgan ish, boshga keltirar tashvish" deganlaridek, bugun ushbu joriy etilishi kutilayotgan qoidalar ayrim rusiyzabon fuqarolar va ularning ortida turgan pushtipanohlari uchun go‘yo rus tilli aholi huquqlarini cheklash va mamlakatda umuman rus tilini chegaralash sifatida talqin qilinmoqda.
Bu borada o‘zimizning Vesti.uz , Rossiyaning Granma.ru singari internet saytlarida ko‘tarilgan ayuhannosni Moskvadagi "Kommersant" gazetasi ham so‘rab-surishtirmasdan e’lon qilib yubordi. Ular O‘zbekistonda ozchilik milliy diasporalarning huquqlari kamsitilayotganligi haqidagi maqolalari bilan mavzuni yanada ko‘pirtirdilar.
Shu yerda o‘rinli bir savol paydo bo‘ladi. O‘zbekistonda davlat tili qo‘llanish doirasini kengaytirish qay jihatdan rus tilining mavqeiga soya soladi ekan?
Shunda Ukrainada ukrainlarning o‘z tillarini o‘rganish va qo‘llash borasidagi harakatlari rusiyzabon aholining va moskvadagilarning naqadar qitiq patiga tekkani kishi yodiga tushadi.
Bundoq olib qaraganda, Adliya vazirligining loyihasida gap O‘zbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi Qonuni talablaridan biri, ya’ni, barcha qonun va hujjatlar avvalo davlat tilida bo‘lishi va zarur bo‘lgan holatlarda boshqa tillarga tarjima qilinishi haqidagi band ustida ketmoqda. Jarima ham oddiy fuqarolarga emas, balki davlat tashkilotining mansabdor shaxsiga nisbatan qo‘llanadi.
Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tish kerakki, davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan paytdan buyon mamlakatimizda uning talablariga izchil rioya qilinmadi. Ayniqsa, keyingi davrda fikriy tanballigimiz oqibatida qonun talablarini deyarli bajarmay qo‘ydik. Bunga ming-minglab misollar keltirish mumkin.
Bugun ushbu huquqiy islohotlarga javoban o‘zimizdagi va xorijiy OAVning chiqishlariga kelsak, ularga har bir to‘g‘ri so‘z to‘qmoq bo‘lib tuyulmoqda. Ular aytayotganidek rus tilining mavqei dunyo bo‘yicha pasayib borayotgan bo‘lsa, bunga faqat va faqat shu til sohiblarining o‘zlari sababchidirlar.
Xudoyberdi KOMILOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi