Tojdor virus xavfi yoxud «Tovuq»
«Tovuq tovuq darajasidagina fikrlay oladi» degan gap bor. Oramizda besabr, betoqat, tojdor virus pandemiyasi va karantinni ana shu tovuq darajasida talqin qilayotgan odamlar uchramoqda. Mana misol.
Atrofda ayyor, yovuz tulkilar hadsiz ko‘payib ketganligi sababli egasi tovuqning yakka o‘zini katakka qamab qo‘ydi.
«Jimgina uychangda tur, chiqma hech joyga, tulkilar ko‘paydi, yeb ketadi. Sho‘ring qurimasin, uychangda qol! Don, suv, uvoq-suvoq - hamma yegulik, ichkiliging yetarli, uyingda qol. Chiqma!», deb ogohlantirishdi.
Tovuq sabr qilib, chidab, qo‘rqqanidan uch-to‘rt kun turdi va nihoyat ziqlana boshladi, ichi tangligi sabab sabr-toqati to‘ldi. «E, tulki nima bo‘pti, - deya o‘ylay boshladi. – Bari yolg‘on, bu xo‘jayinimning menga qilayotgan rahmdilligi emas, hiylasi. Tulkidan qo‘rqarmidim. Tulkidan-a! Unaqa tulkichalarni ko‘pini ko‘rganman. Bir cho‘qilasam…». Uychasida «yegani oldida» bo‘lgan tovuqning benihoya noshukrligi edi bu.
- Menga erkinlik, ozodlik kerak, – o‘yladi u. – Katakda nima qilaman, tor katakda! «Qirq yil qirg‘in kelsa, ajali yetgan o‘ladi». Chiqaman, diq bo‘lib ketdim-ye! Yayrab, yashnab tashqarida yuraman. Tulkidan qo‘rqamanmi? Tulkidan-a!
Tovuq kuchli hayajon og‘ushida egasi ogohlantirgan sabr-toqatni unutdi-da ichi qiziy boshladi va ming azob bilan katak eshigining mayda tirqishidan chiqib, go‘zal o‘tloqzor sari yo‘l oldi.
Ko‘chada u na bir tovuqni uchratdi, na xo‘rozni, hamma joy jimjit, zog‘ yo‘q! «Yuraksizlar! Qo‘rqoqlar! Vahimachilar!»
Banogoh nimadir unga chang soldi, patlarini to‘zg‘itib, tipirchilatib, o‘tkir tishlarini bo‘g‘ziga botirdi. «Tulki! Yaramas yovuz tulki! Ko‘zga ko‘rinmas balo!»
…Kechqurun egasi unga yana ozroq don keltirdi, ammo tovug‘ining na o‘zini, na izini topa oldi.
Murodim Umrzoqov.