Tojikiston prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovlar sanasi ma’lum qilindi

Tojikistonda prezidentlikka saylovlar 11 oktyabr kuni o‘tkaziladi. Bu haqda RIA Novostiga mamlakat parlamentining yuqori palata raisligi ma’lum qildi.

Saylovlar o‘tkazilish sanasi bir ovozdan ma’qullandi.

“Tojikiston prezidentligiga saylovlar joriy yilning 11 oktyabr kuni o‘tkaziladi. Mazkur qaror Tojikiston parlamentining ikkala palatasi ishtirokidagi qo‘shma majlisda qabul qilindi”, - dedi agentlik bilan suhbatlashgan vakil.

Tojikiston prezidenti 7 yil muddatga saylanadi. Prezidentlikka nomzodlardan 10 yil davomida mamlakat hududida istiqomat qilish, tojik tilini bilish, oliy ma’lumotga ega bo‘lish talab etiladi. Bundan tashqari, nomzodning yoshi 30 yoshdan yuqori bo‘lishi kerak.

Tojikistonning amaldagi prezidenti Emomali Rahmon, 1992 yildan buyon mamlakatga yetakchilik qilib kelmoqda.