Tojikistonda gazetalar davlat hisobidan chop etiladi

Tojikistonda yashab, o‘zbek tilida samarali ijod qilayotgan mashhur jurnalist, yozuvchi O‘rinboy Usmon tahririyatimiz mehmoni bo‘ldi. Tabiiyki, hamkasblar uchrashganda suhbat sohaning yutuq va kamchiliklari, bugungi kunda jurnalistning kasbiy fazilatlari va unga ne qadar rioya etayotganligi kabi masalalarga borib taqaladi.

O‘rinboy Usmon sohaning fidoyisi sifatida o‘zbek-tojik jurnalistlarining hamkorligi, ayniqsa, keyingi yillarda bu hamkorlik yanada yuqori cho‘qqilarga chiqayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Adib o‘zbekistonlik hamkasblari ijodidan doimiy boxabar, chunki u 1968-1973 yillarda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.

- Do‘stlarim orasida doim fikr almashadigan, ijodini kuzatib boradigan o‘zbekistonlik adiblar, publitsistlar talaygina, - deydi O‘rinboy Usmon tahririyat xodimlari bilan suhbat jarayonida. – Sohaning yutuq kamchiliklarini muhokama etamiz. O‘zbekistondagi juda ko‘plab axborot saytlarini doimiy ravishda kuzatib boraman. Afsuski, bugun ular orasida yengil shov-shuvga uchib, jurnalistika etikasi rioya etmagan holda axborotlar berilishi juda ko‘paygan. Ba’zida hali tasdiqlanmagan, shubha-gumonga yo‘g‘rilgan axborotlarning ham chiqib ketayotgani professional jurnalistikaga nisbatan haqorat, deb bilaman.

Mamlakat matbuotida o‘tkir chiqishlar paydo bo‘layotganidan xursandman, ammo yaqinda Sirdaryo viloyat gazetasi yopilgani haqda internet manbalaridan o‘qib qolib, xafa bo‘ldim, to‘g‘risi.

Shuningdek, adib bugun Tojikistondagi ommaviy axborot vositalari, xususan, matbuotning ahvoli, uni qo‘llash uchun olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Mehmonning aytishicha, bugungi kunda Tojikistonda matbuot to‘liq davlat hisobidan chop etiladi, har bir viloyat, tuman gazetalari salmoqli nusxalarda chop etilayotganini aytib o‘tdi.

Mehmonimiz haqda qisqacha ma’lumot: O‘rinboy USMON 1951 yilning 2 noyabrida Tojikistonda, Sug‘d viloyatida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetini (1968-1973) tugatgan. Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi va Xalqaro jurnalistlar konfederatsiyasi a’zosi.

Adibning qissa va hikoyalari "Sharq yulduzi", "Payomi Sug‘d", "Sug‘d yog‘dusi", "Yoshlik", "Yosh kuch", "Gulxan", "Nafosat" kabi jurnallar, "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" haftaligida chop etilgan.

 Uning "Spitamenning  qotili" (Toshkent, G‘afur G‘ulom nomli adabiy-badiiy nashriyot), "Ko‘rgilik" (Xo‘jand, "Xuroson" nashriyoti), "Sinchli uy" (Toshkent, "Yangi asr avlodi" nashriyoti), "Anqoning urug‘i", "Daraxtga do‘ngan odam", "Safo chig‘irig‘i", "Inson o‘zing, inson o‘zing" kitoblari nashr etilgan.

U Hoji Sodiq, Samad G‘ani, Bahmanyor, Sayf Rahimzod Afardiy, Mehmon Baxtiy,  Abdulhamid Samad, Ma’ruf Bobojon, G‘ayrat Hakim, Anvar Olim, Xurshedi Atovullo va boshqa tojik, shuningdek, Vasiliy Shukshin kabi rus adiblari, bolgar va boshqa xalqlar ijodkorlari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ijodkor Hoji Sodiq nomli va "Jurnalistikadagi ustuvorligi uchun" mukofotlari hamda xalqaro adabiy mukofotga (AQSh) sazovor bo‘lgan. Shuningdek, O‘rinboy Usmon Tojikiston Yozuvchilar ittifoqining oltin nishoni bilan taqdirlangan. 2022 yilda O‘zbekistondagi «Oltin qalam» milliy mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Gulruh MO‘MINOVA.