Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tomorqa bo‘yicha vodiy tajribasi o‘rganilmoqda

Samarqandga Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridan bir guruh omilkor tomorqachilar kelib, joylarda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha maslahat bermoqda, tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.

O‘zLiDeP viloyat va tuman kengashi xodimlari, deputatlar, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi vakillari ishtirokida ko‘rgazmali seminar tarzida tashkil etilayotgan ushbu tadbirning galdagisi Oqdaryo tumani Bobur mahallasida bo‘lib o‘tdi.

Bu yerda Andijon viloyatidan kelgan tajribali tomorqa egalari ushbu mahalladagi Aliqul Nizomov, Yulya Umarova, Eshxo‘ja Nasimov, Umida Ibragimovalarning issiqxona va tomorqa maydonlarini ko‘zdan kechirib, o‘zaro tajriba almashdi.

Xususan, Umida Ibragimovaga qarashli tomorqaning umumiy maydoni 30 sotix, shundan 2 sotixiga mo‘’jazgina issiqxona tashkil qilingan. Xonadon egalari yarim sotixlik issiqxonada o‘n yildan buyon limon parvarishlab keladi. Shu kichik issiqxonada 1 tonnadan ortiq limon yetishtirib, 20-25 million so‘m daromad oladi. Yangi tashkil etilgan bir yarim sotixlik issiqxonada mandarin, apelsin yetishtirishni maqsad qilgan. Shuningdek, tomorqasida banan, kivi yetishtirish hamda gulchilikni ham tajriba tariqasida o‘rganmoqda. Unga andijonlik tajribali tomorqachi Muhiddin Mamadaliyev issiqxonada sabzavot ekinlarini yetishtirish va parvarish qilish bo‘yicha maslahat berdi.

Seminar davomida mahalladagi «Ayollar daftari» va «Temir daftar»da ro‘yxatda turgan xonadon egalariga bepul sabzavot ko‘chatlari tarqatildi.

Shu kabi ko‘rgazmali seminarlar viloyatning qator tumanlarida tashkil etildi, ularda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Hayitov ishtirok etdi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi axborot xizmati.