Tomorqangizga nima ekdingiz, og‘ayni?

Shu kunlarda ko‘pchilik vaqtini asosan oila davrasida o‘tkazyapti. Bu karantin qoidalariga rioya qilish bilan birga xonadonidagi mavjud tomorqada ishlash uchun ham yaxshi imkoniyat.

Ammo tomorqada mahsulot yetishtirish uchun birovda imkoniyat bor, boshqasida yo‘q. Shuni inboatga olib, joylarda deputatlar o‘zlari saylangan hududlarda aholining tomorqalaridan foydalanishdagi tajriba-yu muammolari, ularning ish bilan bandligi, koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin tartib-qoidalariga qay darajada amal qilinayotganligini o‘rganmoqda.

Jumladan, xalq deputatlari Oqdaryo tuman kengashi deputati Z.Husanov Oytamg‘ali mahallasida mavjud aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi, ularga ko‘mak berilishini ta’kidladi.

- 6 sotix tomorqam bor, - deydi shu mahallada yashovchi Husan Qurbonov. - 2 sotix yerga ertangi kartoshka ekkanman. Qolgan yerga jo‘yak tortib qo‘ydik: ro‘zg‘orga kerakli ekinlar ekamiz. Tomorqa nafaqat qo‘shimcha daromad manbai, balki uning farzandlarimiz tarbiyasidagi roli ham katta ekanini yaxshi anglayman. Chunki tomorqamizda bolalarimiz halol mehnat qilib, o‘z kuchi bilan daromad topishni o‘rganmoqda. Ochig‘i, dehqonchilik qilib kam bo‘lmadik, oila a’zolarimiz bandligini ta’minladik, uyimizni qayta ta’mirladik. Bularning barchasi tomorqamizdan olayotgani daromadimiz samarasi.

Kattaqo‘rg‘onlik deputatlar ham aholi xonadonlarida uyma-uy yurib, tomorqalardan samarali foydalanish, karantin vaqtida uyda o‘tirib, bo‘sh vaqtdan unumli foydalangan holda farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish,  zarur bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik, uy-joyini toza tutish, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish kerakligini tushuntirishdi. Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tuman kengashi deputat R.Jo‘rayev shu maqsadda Balandravot mahallasida bo‘ldi.

- Ixtiyorimizda 6 sotix yer maydoni bor, -  deydi Qilich qishlog‘ida yashovchi fuqaro Sadoqat Ahmedova. - Asosiy maydonga kartoshka va turli ko‘katlar ekilgan. Bo‘sh turgan 1,5 sotix maydonga ekish uchun 400 tup pomidor ko‘chatlari olib berishda R.Jo‘rayevning ko‘magi katta bo‘ldi. Nasib bo‘lsa, ro‘zg‘orimizdan ortgan kartoshka, ko‘kat va pomidorni bozorga chiqaramiz.

Deputatlar o‘rganishlar davomida tomorqa egalariga kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash maqsadida har bir a’zoga (oilaga) bazaviy hisoblash miqdorining o‘n barobari (2 230 000 so‘m) miqdorigacha yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun tumandagi tomorqa xizmati, bandlikka ko‘maklashish markazi va tomorqa yer egalari o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida beg‘araz qaytarib olmaslik sharti asosida subsidiyalar to‘lanishi haqida ma’lumot berishdi.