Tomskda halok bo‘lganlardan biri Kattaqo‘rg‘on tumanidan emas. U Kattaqo‘rg‘on shahridagi G‘aribmachit mahallasida yashagan

Mahalla raisi Zafar Tagayevning bildirishicha, uni Rossiya Federatsiyasining Tomsk shahrida ishlash uchun otasi chaqirgan. (Omon qolganlardan biri uning otasi. U marhumning onasi Zulpat Hasanovaning sobiq turmush o‘rtog‘i).

Marhum Umid Karimovich Hasanov oilada ikki o‘g‘il bir qizning to‘ng‘ichi bo‘lgan. U shu paytgacha turmush o‘rtog‘i hamda ikki nafar farzandi bilan (bir o‘g‘il, bir qiz) Kattaqo‘rg‘on shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida ijarada yashab kelgan. Yuridik kollejni tugatgan turmush o‘rtog‘i ayni paytda vaqtincha ishsiz bo‘lgan.

Mahalla raisiga ko‘ra, U.Hasanov Rossiyaga 2019 yil 25 iyunda ishlab, uy olish maqsadida ketgan bo‘lgan.

- Marhumlar bugun Navoiy shahriga olib kelinishi kutilyapti, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Ibragimov. - Umid Hasanovning jasadini bu yerga olib kelish va tegishli rasm-rusumlar asosida dafn etish bo‘yicha barcha tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.

Albatta, kelgusida oilasiga ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ko‘maklashish choralari ham ko‘riladi.