Toshkent metrosining yangi qurilayotgan yo‘nalishida o‘pirilish sodir bo‘ldi

Bugun, 18 dekabr kuni soat 10.00 atrofida Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining yangi qurilayotgan qismida yomg‘irning surunkali yog‘ishi oqibatida taxminan 250 m3 tuproq o‘pirilib tushdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, pudratchi qurilish tashkilotlarning kuch va vositalari yordamida yuzaga kelgan holat bartaraf etilmoqda.

FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, talafot va jabrlanganlar yuzasidan aniqlik kiritilmoqda hamda sodir bo‘lgan holatning sabablari o‘rganilmoqda.

Shuningdek, voqea joyiga zudlik bilan tibbiyot xodimlaridan iborat tezkor birigadalar jalb qilingan.

Hozircha hodisa oqibatida jarohatlanganlar yo‘q, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Voqea guvohi bo‘lgan, 1975 yil tug‘ilgan qashqadaryolik B.M. ushbu holatdan qattiq stressga tushgan. Ayni paytda unga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.