Toshkentda Samarqand viloyatining turizm salohiyati taqdimoti bo‘ldi

"Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi!". Ana shu shior ostida mamlakatimiz bo‘ylab Samarqand viloyatining turizm salohiyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan taqdimot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Toshkent viloyatida turizm sohasi vakillari – turizm boshqarmasi mutasaddilari, tur-operatorlar va soha tadbirkorlari ishtirokida Samarqand viloyatining sayyohlik imkoniyatlari, yangi turizm yo‘nalishlari hamda turizm qishloqlari bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash lozimki, Samarqand turizm sohasida 2024 yilda yuqori natijalarga erishdi. Viloyatga 2,52 million nafar xorijiy va 4,71 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Turistlarning Samarqandda bo‘lish davomiyligi 2,7 kunga, turizm xizmatlari eksporti esa 537 million dollarga yetdi.

Hozirda viloyatda 642 ta joylashtirish vositasi, 389 ta sayyohlik kompaniyasi va 680 nafar gid-tarjimon faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalqaro mehmonxona tarmoqlari qatoriga "Hilton", "Mövenpick", "Minyoun" kabi brendlar qo‘shildi. 2024 yilda 459 mlrd. so‘mlik 33 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi.

2025 yilda viloyatga 2,55 million xorijiy sayyohni jalb etish va 550 million dollarlik turizm xizmati eksport qilish rejalashtirilgan. Kelgusi yil, ayniqsa, ziyorat turizmiga alohida e’tibor beriladi. Imom Buxoriy majmuasi yangi binosining ochilishi bilan "Umra Plyus" dasturi doirasida Samarqandga kelayotgan ziyoratchilar uchun qo‘shimcha xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, YuNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi ilk bor Parijdan tashqarida – Samarqand shahrida o‘tkaziladi. Bu viloyatning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga shu kabi ma’lumotlar hamda Samarqandning boy tarixi, madaniy merosi va zamonaviy turistik infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Yangi turistik yo‘nalishlar, ekologik va gastronomik turizm imkoniyatlari tanishtirilib, xalqaro mehmonxonalar, transport qulayliklari va zamonaviy sayyohlik loyihalari haqida ma’lumot taqdim etildi.

Tadbir yakunida turizm sohasi vakillari o‘zaro fikr almashib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Samarqand viloyati bilan turizm sohasida yaqin hamkorlik qilish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va ichki sayyohlar oqimini yanada oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Guljahon Mamatqulova.