To‘y o‘tkazish talablarini buzganlar uchun belgilangan jarima aniq bo‘ldi
“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi quyidagi mazmundagi 192-1-modda bilan to‘ldiriladi:
192-1-modda. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzish.
Endilikda, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan talablarga mazkur tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxslar tomonidan rioya etmaslik — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida (2 230 000 taxminan) jarima solishga sabab bo‘ladi.
To‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishga qo‘yiladigan talablarni buzish – bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida (6 690 000 taxmanan) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa - bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (11 150 000 taxminan) jarima solishga sabab bo‘ladi.