Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining uch nafar sportchisi olimpiya o‘yinlariga boradi
Tumandagi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 72 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida 450 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullanmoqda.
Sportchilarning 2 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi, 9 nafari O‘zbekiston sport ustasi, 268 nafari sport ustaligiga nomzod, 171 nafari ommaviy razryadga ega sportchilar.
- Markazda 15 ta sport turi bo‘yicha mashg‘ulot olib boriladi, - deydi Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi direktori O‘tkir Qurbonov. - Sportchilarimizning 171 nafari, ya’ni 60 foizdan ko‘prog‘i O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi. 2023-2024 o‘quv yilida ular O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslarida 100 ta oltin, 98 ta kumush, 124 ta bronza, Osiyo chempionati va kubogida 2 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Markazimizdan dzyudo bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni Davlat Bobonov, yunon-rum kurashidan O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempioni To‘rabek Tirkashev, og‘ir atletika bo‘yicha ikki karra Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori Sharofiddin Amriddinov, erkin kurash bo‘yicha Osiyo chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi Shohida Ahmedova hamda o‘nlab mashhur jahon va Osiyo chempionatlari g‘oliblari yetishib chiqqan.
Yaqinda markazning ikki sportchisi, akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Sobirjon Safaraliyev va Shahzod Nurmatov Fransiyaning Parij shaxrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shahzod Nurmatov 1999 yil Toyloq tumanida tug‘ilgan. 2016 yildan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. Murabbiyi Sergey Tyan. Uning hisobida kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlarining 2 ta oltin va 1 ta bronza, U-23 yosh toifasidagi jahon chempionatining bronza medali mavjud. "Xanchjou-2022" Osiyo o‘yinlarida Safaraliyev bilan juftlikda bronza, M4 dasturida esa kumush medal sohibiga aylangan.
Sobirjon Safaraliyev 2002 yil Nurobod tumanida tug‘ilgan. 2018 yildan terma jamoa a’zosi. Murabbiyi Sergey Tyan. Safaraliyevda Osiyo chempionatlarining 2 tadan kumush va bronza medallari bor. Nurmatov kabi "Xanchjou-2022" Osiyo o‘yinlarida juftlikda bronza, M4 dasturida esa kumush medalni qo‘lga kiritgan. "Tokio-2020" yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi.
Nurmatov va Safaraliyev aprel oyida Janubiy Koreyada o‘tgan qit’aviy litsenzion turnirdagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali yengil vazn toifasidagi juftlik dasturida "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
O‘zbek sportida har bir davrning o‘z yulduzlari bor. Dzyudochi Davlat Bobonov ham keyingi yillardagi ana shunday sportchilardan biri bo‘lib, nafaqat o‘zbek, balki jahon dzyudosida shuhrat qozonib bormoqda. U Parijda o‘tkaziladigan yozgi olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.
Davlat Bobonov 1997 yil Navoiy viloyatining Nurota tumanida tug‘ilgan. 2013 yildan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. Murabbiyi samarqandlik Nurali Qobulov. Bobonov terma jamoaga qabul qilinganidan buyon musobaqalarga viloyatimiz sportchisi sifatida chiqadi. Samarqandda o‘qigan, mashg‘ulotlarni ham shu yerda olib boradi, shuningdek, Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida dzyudo bo‘yicha trener.
U Gran-pri turnirlarida 1 ta oltin, qit’a chempionatlarida 2 ta oltin va 1 ta kumush, «Katta dubulg‘a» turnirida 2 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza, Masters tasnifidagi musobaqalarda 1 ta bronza, "Xanchjou"-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarida 2 ta kumush, jahon chempionatlarida esa 1 tadan oltin, kumush va bronza medallariga ega chiqqan. "Tokio-2020" yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga bronza medalini taqdim qilgan. Ko‘rsatgan natijalari evaziga II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni va «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
- 15 yildan buyon trenerim Nurali Qobulov qo‘l ostida dzyudo bilan shug‘ullanaman, - deydi Davlat Bobonov. – G‘oliblik va mag‘lubiyat sportchi bilan doim yonma-yon yurar ekan. Faoliyatim davomida yutuqlar bilan birga, mag‘lubiyatlarga ham uchraganman. Muhimi, sportchi ruhan sinib qolmasligi va maqsadi sari intilishdan to‘xtamasligi kerak ekan. Mana shu darajaga yetishimda ustozim Nurali akaning mehnatlari katta va bu mehnatlar besamar ketmayapti, deb o‘ylayman. U kishining yordami bilan Osiyo va jahon chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi, olimpiada sovrindori bo‘ldim. Yaqinda Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan Olimpiada reytingiga ko‘ra, 90 kilogramm vazn toifasida "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdim. Bu olimpiada chempioni bo‘lish uchun menga yana bir imkonyat. Undan unumli foydalanib, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.