Toyloqda chorvachilik rivojiga qaratilgan loyihalar qanday amalga oshirilyapti?
Bu savolga ushbu tumanda chorvachilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan press-turda javob izlandi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari "Siyob – Shavkat – Orzu", "Akmal Toshpo‘latovich", "Mashhura-Sobira Gold" qoramolchilik fermer xo‘jaliklari hamda "Orzu-Olim-Dilmurod" asalarichilik fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdi.
Tumanimizda qoramolchilikka ixtisoslashgan 19 ta fermer xo‘jaliklarida jami 4675 bosh qoramol mavjud, - deydi tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Rustam Haydarov. – Mavjud xo‘jaliklarning 15 tasi sut yo‘nalishiga, 4 tasi go‘sht yo‘nalishiga ixtisoslashgan.
Shuningdek, tumanda uchta parrandachilik fabrikasi, uchta asalarichilik xo‘jaligi, 8 ta baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Joriy yilning birinchi choragida fermer xo‘jaliklari tomonidan 4250 tonna go‘sht, 2800 tonna sut, 5 million dona tuxum yetishtirildi. Yil yakuniga qadar fermer xo‘jaliklari tomonidan 26300 tonna go‘sht, 12400 tonna sut, 20 million 200 dona tuxum, 42 tonna baliq, 20 tonna asal yetishtirish rejalashtirilgan. Joriy yilda tumanda chorvachilikni rivojlantirish maqsadida uchta qoramolchilik, 2 ta parrandachilik, 1 ta asalarichilik, 1 ta baliqchilik loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bugungi kungacha qoramolchilik bo‘yicha 2 ta loyiha, parrandachilik bo‘yicha 2 ta loyiha amalga oshirildi.
Press-tur ishtirokchilari amalga oshirilayotgan loyihalar bilan bevosita tanishib, loyiha tashabbuskorlaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil ma’lumot oldi.