Toyloqda sug‘urta mablag‘larini talon-toroj qilgan markaz boshlig‘i aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Toyloq tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda “K.S.” AJning Toyloq tumani sug‘urta markazi boshlig‘i B.M. o‘ziga ishonib topshirilgan jami 101,1 million so‘mlik sug‘urta polisi pullarini kirim qilmasdan, bu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.