“Toyloqtumangaz” korxonasi binosida konditsioner portlagan, voqea yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi

Joriy yilning 18 mart kuni soat 15:00larda “Toyloqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi elektron gaz hisoblagich muhandisining xizmat xonasida portlash sodir bo‘lgan.

Natijada “Toyloqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining 2 nafar xodimi hamda 2 nafar murojaat bilan kelgan fuqarolar tan jarohati olishgan. Bu haqda Toyloq tuman hokimligi rasmiy saytida xabar berilmoqda.

Aytilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur xonada o‘rnatilgan va ishlab turgan “ARTEL” rusumli konditsioner chaqnashi natijasida xonada portlash sodir bo‘lganligi aniqlangan. Voqea joyidan nosoz holatda kelgan bir dona “ARTEL” rusumli konditsioner ashyoviy dalil sifatida olingan.

Baxtsiz hodisa tufayli tan jarohati olgan fuqarolar zudlik bilan shifoxonaga yotqizilib, zaruriy muolajalar qilingan. Ayni damda bemorlarning ahvoli yaxshi.
Hozirgi vaqtda ushbu holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Mazkur holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda asoslantirilmagan xabarlar tarqalmoqda. Fuqarolardan aniq va ishonchli manbalardan axborot olishlarini so‘raymiz”, deyiladi hokimlik habarida.