«Toyota» «General Motors»ni "taxt"dan qulatdi
Yaponiyaning «Toyota» konserni AQSh avtobozorida «birinchi raqamli» kompaniyaga aylandi. 2008 yilgi inqirozga qadar jahonda, Amerika bozorida esa 1932 yildan beri muntazam yetakchilik qilib kelgan «General Motors» (GM) taxtdan quladi. Bu haqda «Automotive News» (AQSh) nashri xabar berdi.
Bir paytlar «Ford Motor Company» va FCA (2014 yilgacha «Chrysler») bilan birga Amerika avtomobillar bozori «katta uchligi»ni tashkil etgan GM o‘z vatanidagi 90 yillik yetakchilikdan, 2021 yilgi savdo ko‘rsatkichlariga ko‘ra, mahrum bo‘ldi. Jahon mikroelektronika bozoridagi inqiroz sharoitida AQShda ham o‘z zavodlariga ega «Toyota» konserni GMdan ko‘ra ko‘proq mashina sotdi.
«Toyota» — jahon avtosanoati yetakchisi, mashinalar uchun mikrosxemalar taqchilligiga bardoshliroq bo‘lib chiqdi. Yapon kompaniyasi 2021 yilda AQShda 2 332 262 dona mashina sotib, savdo ko‘rsatkichlarini 10,4 foizga oshirgan bo‘lsa, «General Motors»da aksincha, sotuvlar 13 foizga pasaydi va 2 218 228 dona mashina sotildi.
«General Motors» kompaniyasiga 1892 yilda asos solingan. 2008 yilgi jahon iqtisodiy inqirozidan faqatgina AQSh hukumatining katta ko‘magi yordamida omon chiqqandi. Ushbu kompaniya «Buick», «Cadillac», «Chevrolet» va GMC rusumli mashinalar chiqaradi.
«Toyota»ga esa 45 yil keyin — 1937 yilda asos solingan. Jahon avtosanoati peshqadamiga aylangan yapon kompaniyasi endi AQShda ham yetakchi, deb yozmoqda Carzone.uz.