Traktor va yuk mashinasi ishtirokidagi YTHda ona va bola qurbon bo‘ldi
Kecha, 17 sentyabr kuni soat 20:30 da haydovchi, 35 yoshli X.T. “Hyundai porter” rusumli avtomashinani boshqarib, Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan o‘tgan M-39 “Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon-Andijon-Osh” avtomobil yo‘lining 153-kilometrida Angren shahri yo‘nalishidan Toshkent shahri yo‘nalishiga qarab harakatlanib borib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda chapga qayrilish uchun (ruxsat etilgan joyda) to‘xtab turgan haydovchi, 49 yoshli B.U. boshqaruvidagi “T-28” rusumli traktorning tirkamasiga kelib urilgan.
Oqibatda “Hyundai porter” avtomashinasining yo‘lovchilari, ya’ni haydovchi X.T.ning turmush o‘rtog‘i 32 yoshli S.T. (ayol) tan jarohatlari olib xodisa joyida hamda voyaga yetmagan 5 oylik qizi B.B. Ohangaron tumani markaziy shifoxonasining qabul bo‘limiga olib kelingan vaqtda vafot etgan. Bundan tashqari, X.T. va uning o‘g‘illari - 12 yoshli B.B., 10 yoshli U.B. va 7 yoshli X.B.lar turli darajadagi tan jarohatlari bilan tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda jinoyat ishi viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.