Tumanlarda “Loyihalar yarmarkasi" o‘tkazilyapti. Bu nima beradi?

Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlarida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida “Bo‘sh ish o‘rinlari va loyihalar yarmarkasi” o‘tkazildi.

Tijorat banklari hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad mehnatga layoqatli ishsiz aholini bandlikka, tadbirkorlikka jalb qilishdan iborat. 

Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan yarmarkada ishga joylashish hamda tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 295 nafar fuqaro ishtirok etdi. Yarmarka davomida tijorat banklari o‘zlarida mavjud bo‘lgan moliyaviy paketlar, namunaviy biznes-loyihalar bilan ishtirok etgan bo‘lsa, tadbirkorlikda bank kredit orqali o‘z faoliyatini kengaytirib, ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan yetakchi korxonalar ko‘rgazmali mahsulotlari bilan qatnashdi.

Shuningdek, tadbirda 62 ta korxona bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etib, 43 nafar fuqaro ishga joylashish imkoniga ega bo‘ldi. 

Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilgan yarmarkada ehtiyojmand oilalarning 250 nafar vakili ishtirok etdi. Yarmarkada “Sayxunobod”, “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tajribalari asosida ishlab chiqilgan biznes-rejalar taqdim etildi. Tadbirda 25 ta korxona 68 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etib, 20 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.

Bunday tadbirlar yil davomida o‘tkazib borilishi rejalashtirilgan.