Turizm haqidagi qonun takomillashtiriladi
Tadbirda mamlakatimizning xalqaro turistik bozordagi integratsiyasini mustahkamlash, tarixiy-madaniy meros bilan jahon hamjamiyatini tanishtirish hamda turistlarga xizmat ko‘rsatish sifatini jahon standartlari darajasida tashkil etishga qaratilgan ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi. Shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotida turizmning o‘rnini oshirish, mavjud madaniy meros ob’yektlari va tarixiy yodgorliklarni ta’mirlash, ularning muhofaza hududlarini belgilash kabi vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.
– 2018 yilning 8 oyi davomida yurtimizga kelgan xorijlik sayyohlarning soni 3,4 million nafardan oshdi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdug‘affor Qirg‘izboyev. – Bu ko‘rsatkich 2017 yilgi holatdan qariyb uch barobar ziyod. Yildan-yilga yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni oshayotgan ekan, endi «Turizm to‘g‘risida»gi qonunni takomillashtirish shart. Chunonchi, turizm sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, turistik xizmatlar bozorini rivojlantirish hamda turistlar va turistik faoliyat sub’yektlarining huquqlari, qonuniy manfaatlari himoya qilish bugunning talabi bo‘lmoqda.
Tadbirda, shuningdek, turizm sohasidagi tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan mahalliy va xorijiy investorlarga imtiyoz beruvchi ijtimoiy turizm, yoshlar va bolalar turizmini ommalashtirishga oid normalar bilan to‘ldirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Abdujabbor PO‘LATOV.